2023-yil O‘zbekistonda onlayn savdo pozitsiyalarini mustahkamlash davri bo‘ldi. Savdo hajmining ortishi, yangi texnologiyalarning joriy etilishi va marketpleyslar o‘rtasidagi raqobatning kuchayishi bu yildagi soha rivojini muhim bosqichga olib chiqdi.

Pandemiya o‘zining salbiy tomonlariga qaramasdan bizning IT davriga o‘tishimizda muhim rol o‘ynadi. Elektron tijorat (e-commerce) bozorining rivojlanishi COVID-19 sabab tezlashdi. Bugun O‘zbekistonda sanoat o‘zining o‘sish belgilarini ko‘rsata boshladi. Ekspertlar buni “Uzum”, “Wildberries”, “Ozon” va boshqa o‘yinchilarning paydo bo‘lishi bilan bog‘lashmoqda.

“Data Insight” tadqiqot kompaniyasi hamkori Fedor Virinning qayd etishicha, bu sohaning o‘sishiga, aholining oldindan to‘lovlarsiz savdoni amalga oshirishga bo‘lgan yuqori ishonchi sezilarli ta’sir ko‘rsatgan, bu esa savdoning yangicha yo‘nalishlariga yo‘l ochadi. Masalan, sotuvchilar buyurtmalarni taksilar orqali mijozlarga yetkazib berishlari mumkin.

2023-yilda internet-do‘konlari foydalanuvchilarining iste’molchi sifatidagi xatti-harakatlari sezilarli darajada o‘zgardi. Texnika, oziq-ovqat va maishiy kimyo mahsulotlarini sotib olishdan tashqari, xaridorlar “hammasi uy uchun” bo‘limidagi, hamda kosmetika tovarlarini sotib olishga qiziqish bildira boshladilar.

Mutaxassislarning kelgusi yil uchun prognozlari ijobiy natijalarni ko‘rsatmoqda. Qiyinchiliklarni bartaraf qilayotgan bozorda kelgusi yillarda yuqori darajali o‘sish holatlari kutilmoqda.

“KPMG” bozordagi istiqbollar va cheklovlarni tahlil qilib, tovarlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lashning rivojlanish potensialini aniqladi. Bunday yondashuv tovar uchun to‘lovni darhol to‘lay olmaydigan mijozlarni jalb qilishi mumkin. Bu esa savdo aylanmasi va buyurtmalarning umumiy qiymatini oshirishga yordam beradi. Shuningdek, bozorlarda buyurtmalar chastotasini ko‘paytirish va mijozlar bazasini kengaytirish orqali ularning raqobatbardoshligini oshirish tavsiya etiladi.

“MOST Ventures” kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Alim Hamitovning so‘zlariga ko‘ra, marketpleyslar nafaqat iste’molchilarga, balki biznesga ham xizmat ko‘rsatishi sababli B2B fintexda yangi innovatsiyalarni rag‘batlantiradi.

Umuman olganda, kelgusi yilda sohada bir qator muhim voqealar bo‘lishi kutilmoqda. Onlayn sotuvlarning o‘sishidan tortib, bozorga yangi o‘yinchilarning kirib kelishi va moliyaviy xizmatlarning yaxshilanishi sanoat dinamikasini shakllantiradi.


Sanoatning asosiy voqealari

Rossiyaning “Wildberries” marketpleysi O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirishda sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Ularning fikriga ko‘ra, bu qisman past bazaviy ta’sir bilan izohlanadi, ammo, asosiysi bozor sig‘imi va uning innovatsiyalarni qabul qilishga tayyorligidadir.

“O‘zbekistonda 36 mlndan ortiq aholi istiqomat qiladi, bu ko‘rsatkich bo‘yicha davlat „Wildberries“ uchun ikkinchi muhim bozor hisoblanadi, biroq hozircha aholining 10%dan kamrog‘i yirik e-com o‘yinchilarining faol mijozlari hisoblanadi. Bozor ham endigina shakllanmoqda, ko‘p narsalar to‘lov hamda bank xizmatlarining rivojlanishiga va me’yoriy-huquqiy bazaga bog‘liq”, — deydi kompaniya.

“Wildberries"ning fikricha, O‘zbekiston bunday o‘zgarishlarga tayyor, bozor ishtirokchilari esa onlayn-savdoni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

“Uzum Market” bosh direktori Ilshat Xametov xaridorlar xohish-istaklarining tez-tez o‘zgarishiga, jumladan, mamlakatda yoshlar ulushining yuqoriligi sabab ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, fintex va onlayn savdoning bir ilovada integratsiyalashgan xizmatlar ekotizimini rivojlantirish, foydalanuvchi uchun eng qulay ssenariyni yaratish va mamlakatning barcha hududlari aholisi uchun tovarlar mavjudligini oshirish imkonini beradi. Bugungi kunda “Uzum” bozoridagi buyurtmalarning qariyb 45%i “Uzum Nasiya"dan bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi, bu ham sotuvchilarga biznesning rivojlanishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.

“Mamlakat tadbirkorlarining faolligi va ularning onlayn-savdoni o‘zlashtirishga tayyorligi bu yil biz uchun „syurpriz“ bo‘la oldi. Bugungi kunda platformamizda 8000ga yaqin sotuvchilar mavjud va kelgusi yilda ularning soni sezilarli darajada oshishini kutyapmiz. Agar „Uzum Market“ ishga tushirilishidan oldin biz platformaning afzalliklarini faol tushuntirgan bo‘lsak, ishga tushirilgandan bir necha oy o‘tib, sotuvchilar marketpleys imkoniyatlarini ko‘rganlaridan keyin, biz haddan tashqari ko‘p arizalarni qabul qildik”, — deydi Ilshat Xametov.

Hozirda deyarli har kuni bozorga 300ga yaqin yangi sotuvchilar ro‘yxatdan o‘tadi. Bu xuddi o‘z-o‘zini bandlik bilan ta’minlash, kichik va o‘rta biznes hamda yirik kompaniyalar ham, deya qo‘shimcha qildi u.

Xametovning fikricha, “Uzum Market” o‘sishining asosiy omillari assortimentning kengligi va geografiyasining kengayishi bo‘ldi, bu esa mamlakatning olis hududlari aholisi uchun yuz minglab tovarlar mavjud degani.

“Biz O‘zbekiston bo‘ylab 72ta aholi yashash punktlarida mavjudmiz, mijozlarga 600 mingdan ortiq mahsulot turlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etamiz. Platforma ichidagi raqobat sharoitidan kelib chiqib, sotuvchilarimiz sizga narxlar va mahsulot xususiyatlarini solishtirish imkonini beruvchi eng qulay baholarni taklif qilishadi. Hozir buyurtmalarning atigi 30%i Toshkentga to‘g‘ri keladi. Bizning eng faol foydalanuvchilarimiz hududlarda, bu esa o‘sish uchun katta imkoniyatlar yaratadi”, — deydi Ilshat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, elektron tijorat raqamli xizmatlaridan eng faol foydalanuvchilar soni Toshkentga to‘g‘ri kelishi haqidagi afsonalarni bekor qiladi. Hududlarda odamlar nafaqat internetdan yaxshi foydalanishadi va onlayn xarid qilishni xohlashadi. “Sarafan radiosi” esa hududlarda yaxshi samara beradi. Qo‘shnilar, aka-uka, tug‘ishganlar internet orqali xarid qilish yoki bozorda o‘z biznesini yuritishni boshlashi bilan atrofdagilar ulardan o‘rnak ola boshlaydi.

e-commerce, yil yakunlari

“Data Insight” tadqiqot kompaniyasining hamkori Fyodor Virin iste’molchilarning xatti-harakati hali hech qayerga siljiganicha yo‘q, bozor esa poytaxtdan tashqaridagi hududlarga yetib bormagan, degan fikrda.

Ekspertning ta’kidlashicha, sanoat uchun asosiy muammo “iste'molchilarni onlayn savdoga moslashtirish”. Fedor Virin oflayn chakana savdodan onlayn sohaga o‘tishni eng muhim vazifa deb hisoblaydi.

“Asaxiy” asoschisi Firuz Allayev 2023-yil rivojlanish va yangi imkoniyatlar davriga aylanganini ta’kidladi. Savdoda yirik marketpleyslarning paydo bo‘lishi, “Asaxiy” kabi onlayn-do‘konlarga yangi mijozlarni jalb qilish imkonini berdi. Natijada sotuvlar bir necha bor oshib, tizim sezilarli darajada yaxshilandi, jumladan, infratuzilmadagi o‘zgarishlarni keltirish mumkin.

“Bozorda vaziyat bir nechta yirik marketpleyslarning paydo bo‘lishi bilan yaxshilandi. Endi millionlab odamlar onlayn xaridlarni amalga oshirishi mumkin. Binobarin, logistika ham, pochta aloqasi ham rivojlandi. Bu jarayon kelgusi yilda ham davom etishiga ishonaman. Bundan tashqari, O‘zbekiston bozori uchun avval ishlamagan buyurtmalarni yetkazib berish punktlari ham yangilik bo‘ldi”, — deydi u.

e-commerce, yil yakunlari

“Uzum Market” bosh direktori raqobat bozor rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, deb hisoblaydi. Shu tariqa, foydalanuvchilar turli xil marketpleyslarning dasturlarini, assortimentini, yetkazib berish tezligini taqqoslashlari mumkin, ammo eng muhimi, mamlakat aholisi onlayn xarid qilish ko‘nikmasini shakllantirmoqda. Va bu butun sanoatning o‘sishiga imkon beradi.

“Masalan, bizda birinchi buyurtmalarini qilgan va bozor qanday ishlashini hali to‘liq tushunmaydigan mijozlarimiz bor. Ba’zan shunday bo‘ladiki, mijozlar kelib, darhol 10ta buyurtmani qabul qilib olishadi, chunki ular mahsulotni “Savat"ga qo‘shgach, darhol buyurtma berish kerak deb o‘ylashadi. Ma’murlarimiz logistikamiz qanday ishlashi, qanday qilib bo‘lib-bo‘lib to‘lashdan foydalanish va mahsulotni qanday qaytarish yoki tekshirishni tushuntirishadi”, — deya ta’kidladi Ilshat Xametov.

“Raqobat motivatsiya beradi, o‘sishni rag‘batlantiradi. Bu bizga bir joyda qotib qolmasdan mahsulotni yaxshilash, eng yaxshi narxlarni taklif qilish va assortimentni kengaytirish imkoniyatini yaratadi”, — deydi u.

Xaridorlar nimalar sotib olishadi?

“Asaxiy” asosan kitoblar, smartfonlar, zamonaviy gadjetlar va maishiy texnikalarni sotgan. Yildan yilga kompaniyaning mahsulot turlari kengayib bormoqda, jumladan, oshxona va sport anjomlari, kosmetika mahsulotlari ham qo‘shilgan. Firuz, bu tendensiya 2024-yilda ham davom etishiga ishonadi.

“Wildberries” “hammasi uy uchun” toifasidagi tovarlarning ijobiy dinamikasini keltiradi. Bu nafaqat tekstil, balki hayotni yengillashtirishga qaratilgan mahalliy hunarmandlarning noodatiy mahsulotlarini ham o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston mahsulotlarning 79%dan ortig‘ini import qilishiga qaramay, mahalliy ishlab chiqaruvchilar import bilan muvaffaqiyatli raqobatlashmoqda.

Bugungi kunda “Uzum Market"da oziq-ovqat, maishiy kimyo va kosmetika mahsulotlari eng ommabop hisoblanadi. Kundalik hayot uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar katta talabga ega.

Shuningdek, o‘zbekistonliklar smartfon va gadjetlarni faol sotib olishmoqda, elektronikani onlayn sotib olish odati so‘nggi bir necha yil ichida shakllandi, mamlakatdagi birinchi onlayn-do‘konlar gadjetlarga ixtisoslashgan. Kuzda an’anaviy ravishda kiyimga bo‘lgan talab ortadi. Shu bilan birga, so‘nggi uch oy ichida fashion toifasidagi sotuvlar ulushi o‘tgan chorakka nisbatan ikki barobarga oshdi. Bu nafaqat mavsumiylik, balki platformadagi assortimentning kengayishi bilan ham bog‘liq.

2024-yilda nimalar kutilmoqda?

“Uzum market” bosh direktori Ilshat Xametov soha joriy yilga nisbatan yanada jadal rivojlanib borishiga ishonadi.

“Biz yuqori sur’atni o‘rnatdik va butun sanoatni ilhomlantirdik. Mijozlarimiz uchun O‘zbekistonning istalgan joyiga 24 soat ichida yetkazib berish bo‘yicha yaxshi xizmatni taqdim etdik. Bugungi kunda mijozlar bazasi faol ravishda kengayib bormoqda. O‘sish potensiali faqat keyingi yil bilan cheklanmaydi, ammo kelgusi bir necha yil ichida biz xaridorlar va sotuvchilar sonining sezilarli darajada oshishini kutyapmiz”, — deya ta’kidlaydi u.

Xorijiy o‘yinchilarning O‘zbekiston bozoriga qiziqishi aynan salohiyat va faol o‘sish mavjudligini ko‘rsatadi, deydi Ilshat. Va milliy o‘yinchilar bozorda o‘z o‘rinlarini band qilishlari juda muhim.

“Ishonchim komilki, 2024-yil butun bozor uchun qiziqarli yil bo‘ladi. Biz tayyormiz: bu yil biz ulkan infratuzilmani yaratdik. Bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmatini ishga tushirdik, sotuvchilarga kredit olish imkoniyatini berdik va do‘konni smartfoningizdan boshqarish imkonini beruvchi ilovani ishga tushirdik. Va bu faqat boshlanishi”, — dedi u.

Ilshat Xametovning ta’kidlashicha, kompaniya hozirda 112 ming kv. metrlik omborxona majmuasini qurmoqda. Majmuaning birinchi bosqichini foydalanishga topshirish 2024-yilning iyuniga mo‘ljallangan.

“Hozirda omborimiz 10 mlnga yaqin mahsulotni sig‘dira oladi. Yangi logistika majmuasining ishga tushirilishi assortimentni oshirish imkonini beradi”, — deya xulosa qildi u.

“Wildberries” vakillarining fikriga ko‘ra, kelgusi yil bozor ishtirokchilarining rivojlanishida muhim bosqich bo‘ladi, mijoz uchun faol kurash bosqichi boshlanadi. Bunday sharoitda mahsulot tannarxi emas, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati asosiy omilga aylanadi.

“Yangi texnologiyalar qatorida mijozlar uchun bo‘lib-bo‘lib to‘lash, aylanma mablag‘larni to‘ldirish orqali hamkorlarimiz, jumladan, sotuvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etishni rejalashtirganmiz. Bu innovatsiyalarning barchasi qulay raqamli xizmatlar orqali taqdim etiladi”, — ta’kidladi kompaniya.

Bu nafaqat elektron tijorat, balki turdosh tarmoqlar rivoji uchun yangi turtki bo‘lishiga ularning ishonchi komil.

Firuz kelgusi yilda mijozga individual yondashuv nafaqat O‘zbekistonda, balki jahon miqyosida ham yangi bosqichga ko‘tarilishiga ishonmoqda. Bundan tashqari, “Asaxiy"ning hisob-kitoblariga ko‘ra, kelgusi yilda mamlakatda onlayn-savdolar ikki baravar oshadi, bozorga yangi ishtirokchilar kiradi. U moliyaviy xizmatlarning yaxshilanishini ham kutmoqda.

Mutaxassislarning fikrni umumlashtirgan holda, O‘zbekistonda elektron tijorat sohasidagi muhim o‘zgarishlar quyidagi asosiy jihatlarni qamrab olishi mumkin:

  1. Onlayn savdo hajmining o‘sishi. Taxminlarga ko‘ra, onlayn savdolarning o‘sishi mamlakatda elektron tijorat bozorining rivojlanishidagi asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.
  2. Yangi o‘yinchilarning paydo bo‘lishi. Bozorda yangi savdogarlarni ishga tushirish raqobat dinamikasini va bozor tuzilishini o‘zgartirishi mumkin.
  3. Moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish. Moliyaviy xizmatlarni yaxshilash, jumladan, bo‘lib-bo‘lib to‘lash tizimini joriy etish va hamkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, foydalanuvchi tajribasini yaxshilash va savdoni oshirishda asosiy jihat bo‘lishi mumkin.
  4. Mijozlarga individual yondashuv. Mijozlarga individual yondashuvni kuchaytirish xizmat ko‘rsatish standartlarini o‘zgartirishi va iste’molchilarning qoniqish darajasini oshirishi, shuningdek, sodiqlikni kuchaytirishi mumkin.
  5. Texnologik innovatsiyalar. Raqamli xizmatlar va takomillashtirilgan onlayn to‘lovlar kabi yangi texnologiyalarning joriy etilishi xaridlarni qulay va xavfsiz amalga oshirishda o‘ynashi mumkin.