Markaziy Osiyo va Kavkazda venchur investitsiya sohasi so‘nggi yillarda faol o‘sib bormoqda. Bu haqda “RISE Research” agentligi hisobotida keltirilgan (“Spot"da mavjud).
Tadqiqot KPMG, “Crunchbase”, “EA Group”, “BGlobal Ventures” va Qozog‘iston Raqamli rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Unga ko‘ra, 2023-yilda mintaqada venchur bitimlari miqdori $110 mlndan oshgan.
Venchur bozorida mutlaq yetakchi Qozog‘iston bo‘ldi, mamlakatda investitsiyalar hajmi $80 mlndan oshdi. Gruziya $21,6 mln bilan ikkinchi, O‘zbekiston esa $6 mln bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
Investorlar tomonidan eng katta qiziqish fintex, logistika texnologiyalari (LogTech) va biznesni boshqarish sohalarida kuzatilmoqda. Mamlakatda startaplarga investitsiyalarning aksariyati moliyalashtirishning dastlabki bosqichlarida amalga oshiriladi.
Yil oxirida o‘rtacha tranzaksiya hajmi $204 mingni tashkil etdi. Oldingi yilga nisbatan bu ko‘rsatkich 1,5 barobarga oshgan.
Bitimlarning yarmidan sal ko‘pi urug‘lik (seed) bosqichida, yana 22%i dastlabki (pre-seed) bosqichda tuzilgan. Qolgan bitimlarning 13,5%i Seriya, A va o‘sish davrlaridagi bosqichlarga to‘g‘ri keladi.
“KPMG Caucasus & Central Asia” direktor o‘rinbosari Erke Asemovaning ta’kidlashicha, o‘tgan yili venchur fondlari bitimlar hajmi bo‘yicha yetakchilik qilgan. Shu bilan birga, biznes farishtalar ham bir qancha loyihalarga sarmoya kiritdilar, “IT Park” ham bu jarayonda ishtirok etmoqda.
Xorijiy venchur fondlar va biznes farishtalarni jalb qilish qulay sarmoyaviy muhitni yaratishga xizmat qilayotganini qayd etdi “IT Park” direktori o‘rinbosari Azamat Jo‘rayev. Sarmoyani oshirishdan tashqari, bu “mahalliy bozorni yangi bilim va tajriba bilan boyitadi”, dedi u.
Venchur investitsiyalar assotsiatsiyasi rahbari Dilshod Zufarov tibbiyot, ta’lim, HRTech va EcoTech startaplar uchun dolzarb sohalar ekanligini ta’kidladi. U jamg‘armalarni o‘z rivojlanishlari uchun yangi tarmoqlardagi loyihalarni faolroq izlashga chaqirdi.
Avvalroq “WeRise” startap akseleratoriga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.