Yanvar oyida Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonuni bilan Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritilgandi.

Xususan, kripto-aktivlarning noqonuniy aylanmasi va noqonuniy mayning faoliyati uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilangandi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bu bo‘yicha o‘zgarishlar 20-apreldan kuchga kirishini eslatmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimcha bilan, mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini qonuniy ishlab chiqaruvchining ruxsatisiz o‘zgartirish, bu maqsadda maxsus dasturlarni ishlab chiqish, tarqatish yoki ulardan foydalanish BHMning 15 baravaridan 20 baravarigacha (5,1−6,8 mln so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Huquqbuzarlik sodir etish quroli musodara qilinadi.

Abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonuniy ishlab chiqaruvchining yoki qonuniy egasining ruxsatisiz o‘zgartirish yoki nusxasini yaratish qurolni musodara qilishga hamda BHMning 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga yoki ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha (6,8−10,2 mln so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bunda kripto-aktivlarni hamda mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollari musodara qilinadi.

Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirigan mansabdor shaxslar BHMning 30 baravaridan 40 baravarigacha (10,2−13,6 mln so‘m) miqdorda jarimaga tortiladi.

Mayning faoliyatini belgilangan tartibni buzgan holda amalga oshirish, huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilib, 5 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga yoki ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha (6,8−10,2 mln so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Anonim kripto-aktivlar mayningi bilan shug‘ullangan, kripto-aktivlarni hamda huquqbuzarlik sodir etish qurollarini musodara qilgan mansabdor shaxslarga BHMning 30 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Agentlik fuqarolarni javobgarlikka tortilmaslik uchun kripto-aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalarni qonunchilikda belgilangan tartibda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xizmat ko‘rsatuvchi milliy provayderlar orqali amalga oshirishga, mayning faoliyatini qonunchilik doirasida amalga oshirishga chaqiradi.

Bundan tashqari, qonunchilik buzilishining barcha faktlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aybdor shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘tkaziladi.

Avvalroq kripto-birja va kripto-do‘konlar uchun yig‘imlar miqdori oshirilishi ma’lum qilingandi. Endilikda kripto-birja faoliyati uchun 251,6 mln so‘m, kripto-do‘kon uchun esa 62,9 mln so‘m miqdorida yig‘im undiriladi.