Buyuk Britaniya O‘zbekiston uchun “Chevening” grant dasturining qabul kvotasini ikki barobarga oshirdi. Bu hada Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

25-aprel kuni vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Timoti Smartni qabul qildi.

Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Keemeronning Toshkentga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashildi.

Shuningdek, O‘zbekistonning professional ta’lim muassasalari bitiruvchilarini Britaniyaga ishga yuborish uchun maqsadli tayyorlash muhokama qilindi.

Elchi joriy yildan boshlab Buyuk Britaniyaning “Chevening” ta’lim grantlari soni O‘zbekiston uchun ikki barobarga oshirilganini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida Britaniya Kengashi bilan OTMlarda ta’lim sifatini oshirish va samarali boshqaruv tizimini shakllantirish bo‘yicha ikkita loyihani davom ettirishga kelishildi.

Shu bilan birga, Britaniyaning “Pearson” ta’lim dasturini O‘zbekistonda ham joriy etish, professional va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini mamlakatga ishga yuborish uchun maqsadli tayyorlash yuzasidan Britaniya tomonidan ish beruvchilar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish belgilandi.

Chevening” — Buyuk Britaniya hukumatining xalqaro stipendiya dasturi. U Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va taraqqiyot idorasi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladigan magistratura kursida bir yil davomida o‘qish imkonini beradi.

Avvalroq Germaniyaning “Siemens” kompaniyasi “Yangi O‘zbekiston” universitetida mashg‘ulotlar markazini ochishi haqida xabar berilgandi. Talabalar “Audi” hamda “BMW” kabi kompaniyalarda amaliyot o‘tash uchun jalb qilinadi.