AQShning Mayami universiteti Stamps stipendiya (The Stamps Scholarship) dasturiga arizalar qabul qilmoqda.

Unga barcha mamlakatlardan bakalavriatura darajasi uchun maktab, litsey yoki kollej bitiruvchilari bo‘lgan nomzodlar hujjat topshirishlari mumkin.

Buning uchun “Common Application” dasturi orqali ariza jo‘natish kerak. Ariza topshirish pullik bo‘lib, $70ni tashkil etadi. Barcha so‘ralgan joyga bir xil elektron pochta kiritish kerak.

Nomzodlardan quyidagi hujjatlar qabul qilinadi:

  • maktab attestati yoki kollej-litsey diplomi;
  • esse (250 so‘zdan iborat);
  • ACT yoki SAT sertifikati;
  • til sertifikati (TOEFL — 80, IELTS — 6,5);
  • tavsiyanoma.

Onlayn ariza topshirish jarayonida maktab hisoboti so‘raladi va uni o‘quv joyidagi mas’ul xodim yoki o‘qituvchi to‘ldirishi kerak.

Qabul qilingan talabalarga $12 ming miqdordagi stipendiya taqdim etiladi.

Mablag‘lar quyidagi maqsadda yo‘naltiriladi:

  • o‘qish to‘lovi;
  • bepul turar joy;
  • bepul ovqatlanish;
  • tibbiy sug‘urta;
  • darslik va noutbuk olish;
  • tadqiqot o‘tkazish, xorijiy almashinuv va amaliyot dasturlarida qatnashish uchun.

Shuningdek, sovrindorlar talabalar shaharchasi va milliy hamjamiyat a’zosi bo‘lish, akademik va ilmiy tadqiqot loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, madaniy va yetakchilik dasturlari, chet elda tahsil olish, anjumanlar va boshqa hududiy konferensiyalar, onlayn tadbirlarda ishtirok etish va fikr almashish imkoniyatlarini qo‘lga kiritishadi.

Nomzodlar joriy yilning 1-noyabrigacha havola orqali Mayami universitetiga hujjat topshirishlari kerak.

Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq Italiyaning Tusha universiteti (Tuscia University) grant dasturiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.