“Google” yillik “Google I/O 2024” konferensiyasida yangi sun’iy intellekt vositalarini e’lon qildi.

Unda kompaniya qidiruv tizimi uchun yangi “Project Astra” nomli shaxsiy yordamchisini taqdim etdi.

Qayd etilishicha, u nafaqat smartfonda, balki aqlli ko‘zoynaklarda ham ishlay oladi.

U kamera orqali narsalar qayerdaligini eslab qoladi va yo‘qolgan narsalarni topishga yordam beradi. Bundan tashqari, foydalanuvchi savoliga tezkor javob berishi va matematik masalalarni hal qilishi mumkin.

Shuningdek, galereyani tashkil qilishda yordam beradigan “Ask Photos” vositasini ham taqdim etdi.

U foydalanuvchi haqidagi ma’lumotlarni topish, xotiralarni saqlash yoki tafsilotlarni saqlash uchun ishlatilishi mumkin.

Misol uchun, neyron tarmoqdan o‘tgan yili ta’tilda bo‘lgan joyni so‘rash mumkin.


Avvalroq “Spot” “Google” video yaratish uchun o‘zining neyron tarmog‘ini taqdim qilgani haqida yozgandi.

Video yaratish uchun neyron tarmoqqa kiritiladigan so‘rov nafaqat matn, balki fotosurat va hatto boshqa video ham bo‘lishi mumkin.