Shaharlarda avtomobillar uchun to‘xtash, ya’ni «parking» masalasi rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarda ham birdek muammo sanaladi. Butun dunyo bo‘yicha — 6 qit’ada va 30 dan ortiq davlatlarda haydovchilar vaqtinchalik to‘xtash uchun joy qidirishni eng asabbuzar ish deb bilishadi, deb yozadi UzA.

Avtomobil kulaylikmi yoki muammo?

«IBM Global Parking Survey» korparatsiyasi yigirmata Yevropa davlatlari aholisi o‘rtasida (10 ming kishi qatnashgan) so‘rovnoma o‘tkazgan. Unda har 10 kishidan 6 nafari avtomobilni qoldirish uchun joy izlashni tushkunlikka olib keluvchi vaziyatlardan deb hisoblagan. Shuningdek parking muammosi shaharda biznes rivojlanishi uchun xalaqit beruvchi omillardan biri sifatida ko‘riladi.

Markaziy yo‘llarda tirbandlik hosil bo‘lishining 30 foizi haydovchilarning to‘xtash uchun joy izlashlari tufayli kelib chiqadi.

Bugungi kunda ko‘pgina biznes markazga aylangan shaharlar avtomobil uchun to‘xtash joylarini turli zamonaviy yo‘llarini izlashmoqda. Avvaliga ko‘p qavatli avtomobil turar joy binolari qurilgan. Keyinchalik qavatli to‘xtash binolariga joy yetmagach, mavjud biznes markazlari yer osti yo‘llari va tomlarini parkingga alantirish urf bo‘lgan. Bu uchala usul ham kor qilmagan joylarda bino tarzida o‘ralmagan, liftli parkovkalar qurish rivojlandi. Ularda mashina qoldirish soatiga o‘rtacha 30 dollar bo‘lib, lift mashinani yuqoriga ko‘tarib joylab qo‘yadi. Bu kabi ixcham avtoturargohlar Germaniya, AQSH kabi davlatlarda rivojlangan.

Xo‘sh, Toshkentda kanday to‘xtash joylari mavdud?

Toshkentda hozirda ayrim to‘yxona va tamaddixonalar parkingni hisobga olgan holda qurilish qilmoqda. Yirik supermarketlarda ham albatta, avtoturargoh inobatga olingan. Lekin shaharning aksar qismlarida hozirda faqatgina «to‘xtash mumkin emas», belgilarini ko‘rish mumkin. Buni avtomobillarni shahardagi transport oqimiga xalaqit qilmaslik uchun ko‘rilgan chora, deyish mumkin. Bugunga kelib Toshkent shahrining o‘zida 450 mingdan ortiq transport vositalari harakatlanmoqda.

Shahar markazlari doim avtomobillar bilan gavjum. Biroq avtoturargoh u yoqda tursin, markazlarda to‘xtash mumkin bo‘lgan joyning o‘zi topilmaydi.

500 mingga yaqin odam jarima to‘ladi

Toshkentning Xadra maydonidan O‘rda anhoriga qarab «Navoiy» ko‘chasi bo‘ylab yurarkansiz, avtomobilni chetda to‘xtatishning iloji yo‘q. Chunki ko‘cha bo‘ylarida «to‘xtash mumkin emas» (3.27) belgilari ketma-ket joylashtirilgan.

Qoidaga ko‘ra, bu belgi (3.27) ostida 1 daqiqa ham to‘xtab turish mumkin emas. Biron ish bilan yo‘l chetida to‘xtab, mashinadan tushdingizmi, YPX xodimi bunga guvoh bo‘lib qolsa, naqd 530 ming so‘m jarima soladi. Joriy yil boshidan bugunga qadar 11 208 nafar haydovchi to‘xtash va to‘xtab turish qoidasini buzgan, (3.27) yo‘l qoidasini buzish bo‘yicha 461 063 nafar haydovchiga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Salkam 500 mingga yaqin haydovchi yarim million, bir yil ichida bu qoidani ikkinchi marotaba buzishi bo‘lsa, 1 million so‘m atrofida jarima to‘lagan.

Qoidabuzarlarni ayblashga shoshilmaylik. Chunki qoidabuzarga jarima bor-u, lekin tartibni buzmaslik uchun sharoit yo‘q. Vaqtincha to‘xtash uchun maxsus joylar mavjud emas. Bor joylar ham, kun davomida avtomobillarga to‘la bo‘ladi.

Shunday ekan, (3.27) belgilarini kamaytirishning imkoni yo‘qmi? Navoiy xiyoboni Toshkent markazining asosiy ko‘chalaridan bo‘lib, doim mashinalar bilan gavjum. Qoidani buzib to‘xtab turgan mashinalar ham «taxlanib» yotibdi. Lekin kimning bugun omadi chopmagan bo‘lsa, unga bu to‘xtash 530 ming so‘mga tushadi. Shahar markazida bu kabi belgilar qo‘yilgan ko‘chalar anchagina. «O‘zbekiston», «Buyuk Turon», «I.Karimov» ko‘chalariga ishingiz tushsa, piyoda yo‘lga otlanavering.

Toshkent sizni sevadi, lekin sizga qulaylik yaratib berolmaydi. To‘xtash uchun sharoit yaratish kerak yoki belgini o‘zgartirish lozim. Aks holda, (3.27) belgili yo‘llar odamlar uchun muammoli, YPX xodimlari uchun esa «daromadli» ko‘chaligicha qolaveradi.

Yildan-yilga mashinalarning ko‘payib borishini hisobga olsak, bugun 450 mingta bo‘lgan transport vositalari millionga chiqqanda, turargohlar muammosi yanayam dolzarblashadi.