Viloyat soliq boshqarmasi tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Bo‘ka tumani bo‘limi bilan hamkorlikda ana shunday tadbirlarning navbatdagisi o‘tkazildi. Unda 4 qarzdorning soliqdan qarzini undirish yuzasidan amaliy choralar ko‘rildi, deb ёзади O’zA.

Xabarga ko‘ra, fuqaro D.Payshanovadan soliqdan qarzdorligi bo‘yicha 4 million 810 ming so‘m undirilib, MIB tuman bo‘limi hisob raqamiga o‘tkazildi. Yana bir fuqaro A.Chintoshevning soliqdan mavjud 6 million 800 ming so‘m qarzdorligi ham to‘liq undirildi.

Shuningdek, “Achamayli Muqobil” muqobil mashina traktor parki soliqdan qarzdorligining 3 million 700 ming so‘mini o‘sha kunning o‘zida to‘lab berdi va qolgan qismining 10 kun muddatda to‘lanishini kafolatladi.

“Joriy yil iyun-iyul oylarida barcha tuman va shaharlarda soliq qarzdorligini kamaytirish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda yuridik shaxslarning 1 milliard 652, yakka tartibdagi tadbirkorlarning 475,2 va jismoniy shaxslarning 534 million so‘mlik har xil turdagi mol-mulklari xatlandi”, — deydi viloyat Soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i N.Erkayev.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shu davrda 761 yuridik shaxsdan 3 milliard 236 million so‘m, 580 yakka tartibdagi tadbirkordan 632,9 million so‘m, 733 nafar jismoniy shaxsdan esa 642,5 million so‘m, jami 4 milliard 511 million so‘mdan ortiq soliq qarzdorligi undirilgan.