1 sentyabrdan O‘zbekistonda bir nechta yangiliklar joriy etiladi. Ular qatorida binolarni buzishning yangi tartibi, biznesni tekshirishning bekor qilinishi, bojxona nazoratining soddalashtirilishi, donni qayta ishlash sohasidagi kompaniyalarga yangi imtiyozlar va boshqalar mavjud.

Zararlar to‘liq qoplangandan keyingina binolarni buzishga ruxsat beriladi

Davlat ehtiyojlari uchun inshootlar buzilishiga faqat zararlar to‘liq qoplangandan keyin ruxsat beriladi. Endilikda olinishi ko‘zda tutilgan yer uchastkalari egalari bo‘lmish manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o‘tkazilganidan so‘ng, shuningdek foyda va sarf-xarajatlar baholanganidan keyingina yer uchastkalari olinishi haqida qaror qabul qilinadi.

Faqat ko‘chmas mulkning bozor qiymati va mulk egalariga yetgan zarar to‘liq qoplangandan keyingina uchastkalarni buzish va olishga ruxsat beriladi. Organ yoki mansabdor shaxsning noqonuniy qarori oqibatida yetkazilgan zarar davlat tomonidan qoplanadi.

Biznesni tekshirishning 14 turi bir kun ichida o‘tkazilishi kerak

Ular orasida belgilangan joylardan tashqarida go‘sht va sut mahsulotlarini sotishni nazorat qilish, barcha qurilishlarda qisqa muddatli inspektorlik tekshiruvlari, ishlab chiqariladigan va sotiladigan dorilar ustidan nazorat (faqat ishonchli ma’lumotlar mavjud bo‘lganda) va boshqa ko‘plab tekshiruvlar mavjud. Uchta tekshiruv 5 kun ichida, beshta tekshiruv 10 kunda, 3 ta tekshiruv 30 kunda o‘tkazilishi lozim.

Biznesni tekshirishning ikki turi bekor qilinadi: rejali va nazorat

Buning o‘rniga yangi tartib o‘rnatiladi: tekshiruvlar “xatar tahlili” tizimi natijalari asosida, ya’ni tegishli qonun buzilishi sodir etilishi xatari darajasidan kelib chiqib o‘tkaziladi. Bosh prokuratura faoliyatni tekshirishni muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ sanaladi, barcha tekshiruvlar Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida majburiy ro‘yxatga olingan bo‘lishi lozim. Tizimda ro‘yxatga olinmay o‘tkazilgan tekshiruvlar noqonuniy sanaladi, o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari tizimga ular yakunlanganidan keyin uch kun ichida kiritiladi.

Bojxona nazoratining yangi qoidalari kuchga kiradi

Endilikda chegaradagi bojxona postlarida bojxona nazorati o‘tkazilishida bojxona idoralari tomonidan veterinar, fitosanitar, ekologik va sanitar-epidemiologik nazorat o‘tkaziladi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a’zo mamlakatlar akkreditatsiyadan o‘tgan idoralari taqdim etgan muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lsa, olib kirilayotgan tovarlar majburiy muvofiqlik sertifikatlashtirilishidan o‘tkazilmaydi. Shuningdek, boshqa o‘zgarishlar ham kutilmoqda.

Atrof-muhit ustidan jamoatchilik nazorati uchun sayt yaratiladi

Bu Prezident qarorida ko‘zda tutilgan. Saytda qonun buzilishi holatlarining foto va videosuratlarini joylashtirish mumkin. Shu yerda har bir joylashtirilgan holat bo‘yicha idoralarning tezkor munosabati mexanizmi tatbiq etiladi.

Qarzlarni undirish bo‘yicha davlat idoralari elektron hamkorligi yagona tizimi ishga tushirilishi lozim

Tizim Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosida tashkil etiladi va Byuro hamda davlat idoralari, bank muassasalari va boshqa tashkilotlar o‘rtasida qarzdor jismoniy shaxslar va ularning mol-mulklarini topish, shuningdek boshqa maqsadlarda tezkor axborot almashinuvi uchun yaratiladi.

Elektron pullar to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilishi lozim

Bu Prezident qarorida ko‘zda tutilgan. Hujjat bilan 2018−2019 yillarda AKTni tubdan takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Uning bandlaridan birida “O‘zbekiston Respublikasi hududida elektron pullarni huquqiy tartibga solish bo‘yicha takliflar tayyorlash” ko‘rsatilgan.

Xususiy tadbirkorlarga korporativ kartalardan avtomobil sotib olishga ruxsat beriladi

XTlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi yengil atvomobillarni korporativ bank kartalari orqali xarid qilishlari mumkin. O‘zbekistonda aprel oyida milliy valyutadagi korporativ bank kartalari orqali nafaqat faoliyat bilan bog‘liq xizmatlar, balki davlat bojlari va yig‘imlari uchun ham haq to‘lashga ruxsat berilgandi.

Davlat bojxona qo‘mitasi saytida “Integratsiyalangan tarif” xizmati joriy etiladi

Xizmat onlayn ravishda tovarlarning bojxona chegarasidan o‘tishi rejimini tartibga soluvchi barcha normativ hujjatlar, tovarlarning bojxonada rasmiylashtirish uchun zarur hujjatlar, har bir tovarga tegishli bojxona bojlari stavkalari, ko‘rsatilgan hujjatlarni taqdim etuvchi idoralar va boshqalar haqidagi batafsil ma’lumotlarni bepul olish imkonini beradi.

Soliq xizmati tizimiga yangi texnologiyalarni tatbiq etilishi kutilmoqda

Axborot tizimlarini himoya qilish va talablarga rioya etilishi ustidan nazorat va monitoring o‘tkazish texnologiyasi tatbiq etiladi. Qonun buzilishlari to‘g‘risida elektron ish yuritish tizimi joriy etiladi. Talablar va ehtiyojlarga tezkor munosabat bildirish tizimi yaratiladi — barcha kerakli axborotni olish mumkin bo‘lgan yagona telefon raqami (call-markaz) tashkil etiladi.

Donni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar uchun imtiyozlar

Donni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxonalar mahsulotlariga QQS belgilanadigan aylanma tushum hajmining donning tannarxi chiqarib tashlangandan keyin qoluvchi qismidan hisoblanadi, ularning o‘zi 2019 yil 1 yanvarga qadar maqsadli fondlarga majburiy to‘lovlardan ozod etiladi.

Tovarlar olib kirishda imtiyozlarni bekor qilish bo‘yicha takliflar tayyorlanishi kutilmoqda

Respublikaga tovarlar olib kirishda bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarni bekor qilish bo‘yicha takliflar kiritilishi lozim. Aniqlanishicha, joriy yilning dastlabki olti oyi ichidayoq imtiyozlar 17,7 trln so‘mni tashkil etgan — ular O‘zbekiston iqtisodiyotiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi.

Pedagoglar maoshlari ortadi

Oliy ma’lumotli tayyorlov guruhlari, o‘qituvchilar, defektologlar, psixologlar ish haqi bazaviy tarif stavkasi 1 302,9 ming so‘m (MRF hisobidan 15%li ustama bilan birga)ni tashkil etadi.

Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy sinov yo‘lga qo‘yiladi

Bir qancha bandlarning biri shahar hokimiga aholining bo‘sh pul mablag‘larini Milliy loyiha boshqaruvi agentligi tasdiqlagan yoki ishlab chiqqan rentabelli investitsiya loyihalariga jalb qilish huquqini beradi. Buni Toshkent shahar obligatsiyalari ko‘rinishidagi qimmatli qog‘ozlar yoki yangi tashkil etiladigan xo‘jalik yurituvchi jamiyatlar aksiyalari emissiyasi orqali amalga oshirish rejalashtirilgan.

Turistik kompaniyalarning temir yo‘lchilar bilan hamkorligi soddalashtiriladi

Endilikda joylarni band qilish va yo‘l hujjatlarini yozib berish uchun guruh arizalarini topshirishda pasportlar nusxalarini taqdim etish bekor qilinadi. Biroq, shu bilan birga, yo‘lovchi FIO, pasport malumotlari, tavallud sanasi, istiqomat qilish mamlakati kabi ma’lumotlarning tasdiqlangan ro‘yxat belgilangan tartibda ikki nusxada taqdim etiladi. Bundan tashqari, bitta blankada guruh yo‘l hujjatlarini yozib berish joriy etiladi.

Turizm monitoringi va sifat boshqaruvi tizimi yo‘lga qo‘yiladi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Interactive System kompaniyasi bilan birgalikda avgust oyidayoq Hospitality Contract — xizmat ko‘rsatish sifati monitoringi va boshqaruvi tizimi dasturi loyihasini ishlab chiqish va tatbiq etish bo‘yicha ishlarni boshlab yuborgandi. Endi u ishga tushirilishi lozim.