Paxtaning qo’lda terilgan bir kilogrammi uchun 650 so’mdan 1000 so’mgacha to’lanadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “2018 yil hosili paxta xom ashyosini yig’ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida keltirilgan.

Paxta yig’imi uchun to’lanadigan haq

Hujjatga ko’ra, paxtaning har bir kilogrammi uchun terimchilarning mehnatiga 3 bosqichda, kontraktatsiya shartnomasi bo‘yicha bajarilgan majburiyatlar hajmiga qarab haq to‘lanadi:

  • 60%gacha — 650 so‘m;
  • 60%dan 80%gacha — 850 so‘m;
  • 80%dan ortiq — 1000 so‘m.

O’tgan yilgi hosil uchun tarif stavkalari — 450, 500 va 700 so‘m bo’lgan.

Joriy yilda Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon, Kasbi tumanlarida, shuningdek Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida 300 so‘m/kg miqdorida ustama oladilar. Hujjatga ilovada keltirilgan ro‘yxatdagi boshqa viloyatlarda qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta uchun 100 so‘m miqdorida ustama belgilanadi.

Joriy yilgi hosildan boshlab jismoniy shaxslar paxta yig‘im-terimi uchun oladigan daromadlariga byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari hisoblanmaydi.

Shuningdek, paxta xom ashyosining mashinada terilgan 1 tonnasi uchun 400 000 so‘mdan (2017 yilda — 260 000 so‘m/tn) xizmat haqi to‘lanadi.

Kontraktatsiya shartnomasida belgilangan miqdordan ortiqcha topshirilgan paxta xom ashyosi xarid narxlariga 15% miqdorida ustama to‘lanadi.