O‘zbekistonda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish komissiyasi va hududiy guruhlar tashkil etildi. Bu haqda Prezident qarorida keltirilgan.

Hujjatga ko‘ra, hududiy guruhlar tarkibiga kirgan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari va xodimlari asosiy ish joyi bo‘yicha majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinadi hamda doimiy ravishda o‘zlariga biriktirilgan hududda bo‘ladi.

Komissiya va hududiy guruhlar ishiga Komissiya va hududiy guruhlar rahbarlarining qarori bilan davlat organlari va tashkilotlarining boshqa vakillari ham jalb etilishi mumkin.

Shuningdek, komissiya va hududiy guruhlarning so‘rovlari, ko‘rsatmalari barcha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari va mansabdor shaxslari tomonidan so‘zsiz ijro etilishi majburiy hisoblanadi.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish komissiyasi

Komissiya tomonidan 10 kunda kamida bir marta joylardagi davlat organlari va tashkilotlari darajasida hal qilinmagan muammoli masalalarni ko‘rib chiqish hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan mavjud byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etiladi.

Shu bilan birga, tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar, shu jumladan, davlat organlari va tashkilotlariga manzilli topshiriqlar nazarda tutilgan qarorlar ijrosi ustidan tizimli nazoratni amalga oshiradi.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha hududiy guruhlar

Hududiy guruhlarning asosiy vazifalari quyidagilar:

  • hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi holatini, shu jumladan, muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va boshqa infratuzilmani o‘rganish;;
  • hududlarning ehtiyoji va salohiyatidan (resurs, tabiiy-iqlim, mehnat va boshqalar) kelib chiqib, investitsiya kiritishni talab etadigan istiqbolli loyihalarni, shuningdek, bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari va yer uchastkalarini o‘rganish va aniqlash;
  • salohiyatli investorlar bilan muzokaralar va uchrashuvlar o‘tkazish;
  • tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tijorat banklarining kredit liniyalari hisobidan amalga oshirishda tijorat banklarining ishtirokini ta’minlash;
  • bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari va yer uchastkalarini auksion savdolariga qo‘yish bilan bog‘liq masalalarning tezkorlik bilan hal etilishini ta’minlash;
  • joylarda davlat organlari va tashkilotlari darajasida hal qilinmagan tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq muammoli masalalarni Komissiyaga kiritish;
  • vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari direksiyalarining tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish.