“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi “Cargolux” kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb yozadi kompaniya matbuot xizmati.

Xabarga ko’ra, 19 — sentyabr kuni Milliy aviakompaniya Bosh direktori Baxtiyor Hakimov “Сargolux Airlines International S.A.” avakompaniyasining Gruziya va MDH davlatlari bo‘yicha Mintaqaviy direktori Vugar Nasibov hamda Lyuksemburg fuqaro aviatsiyasi Direktarati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Charlz Klein bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvda tomonlar aviayuktashuvlari sohasida hamkorlik qilish va “Navoiy” xalqaro intermodal logistika markazi orqali tijoriy qatnovlarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

“Bizning aviakompaniya butun dunyo bo‘ylab yuk tashuvlarini bajaradi va bu borada Markaziy Osiyo mintaqasi bizni o‘ziga jalb etadi”, — dedi “Cargolux” Mintaqaviy direktori.

Shuningdek, “Cargolux” kompaniyasi O‘zbekiston bozorida o‘z imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, “Navoiy” xalqaro aeroporti negizida tashkil etilgan Xalqaro intermodal logistika markazi orqali yuk tashuvlarini amalga oshirishdan mafaatdorligini ta’kidladi.

Ta’kidlanishicha, mazkur markaz Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi yuk tashuvlarini bajarish uchun juda qulay hududda joylashgan.

Cargolux Airlines International S.A. Lyuksemburgda joylashgan yuk tashuvchi aviakompaniya bo‘lib, u Evropaning dunyo bo‘ylab muntazam yuk tashuvlarini amalga oshiradigan eng yirik transport aviakompaniyalaridan biridir.