2018 yil 18−19 sentyabr kunlari Moliya vazirligi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, The Coca-Cola Company (AQSh) va Coca-Cola Içecek (Turkiya) vakillari bilan uchrashuvlar o’tkazdi. Bu haqda Spot’ga Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ko’p tomonlama uchrashuvda “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd.” MCHJ qo’shma korxonasiga strategik investorni jalb etish masalasi muhokama qilindi.

“Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd.” qo’shma korxonasining 57,1%i “O`zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasiga tegishli bo’lib, 42,9%i The Coca-Cola Export Corporation’ga taalluqli.

“Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd.” QK 1993 yildan beri faoliyatini yuritib kelmoqda. Bugungi kunda qo’shma korxona Toshkent, Namangan va Urganchda joylashgan uchta zavodga ega. Zavodlarda “Coca-Cola”, “Fanta”, “Sprite”, “Bonaqua” va “Fuse tea” savdo belgilari ostida 9 turdagi salqin ichimliklar ishlab chiqariladi.

“Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston Ltd.” QK to’rtta xalqaro ISO sifat sertifikatiga ega bo’lgan O’zbekistondagi yagona oziq-ovqat sanoati korxonasi hisoblanadi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRD) 1992 yildan 2010 yilgacha O’zbekistondagi 54 loyihaga 894 million yevro sarmoya kiritdi.