2018 yil 15 sentyabr kuni Yagona umumrespublika protsessing markazi axborot tizimining nosoz faoliyat ko‘rsatishi sabablarini tushuntirib o‘tishdan avval, Markazimizning butun jamoasi nomidan “Uzcard” kartalari saqlovchilari, savdo-xizmat ko‘rsatish korxonalari va hamkorlar oldida uzr so‘raymiz, deb yozadi kompaniya matbuot xizmati.

“Barcha to‘lov tizimlar o‘z ish faoliyatida, istalgan vaqtda ishdan chiqishi mumkin bo‘lgan apparat-dasturiy majmualaridan foydalanishlaridan kelib chiqqan holda, ular faoliyatida to‘satdan nosozliklar ro‘y berish ehtimoli mavjud bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

Kompaniyada ta’kidlanishicha, tizimda texnik nosozlik qayd etilganidan so‘ng, mutaxassislar tomondan muammoning sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish, Markaz ishini qayta tiklash, shuningdek, plastik kartalarga tegishli bo‘lgan barcha ma’lumotlarni butligini saqlashga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rilgan.

Shuningdek, tizimni qayta tiklash ishlariga nafaqat kompaniyamizda faoliyat olib borayotgan dasturchilar, balki bir qator hamkor-mutaxassislar ham jalb etilgan.

Qayd etilishicha, axborot tizimining noto‘g‘ri ishlash sabablarini aniqlash uchun dasturiy ta’minotning aniq qaydnomalari olinib dasturiy ta’minot yaratuvchilari (software) hamda serverli qurilmalarni (hardware) ishlab chiqaruvchilarining texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatiga (support) taqdim etilgan.

“Axborot yakunida „Uzcard“ tizimining barcha foydalanuvchilarini ishontirib aytamizki, bu kabi holatlarning qaytarilmasligi uchun Markazimiz tomonidan plastik kartalarga tegishli ma’lumotlarni havfsizligini ta’minlash va har bir tranzaksiyaning himoyasini yanada mustahkamlashga qaratilgan zaruriy choralar ko‘riladi”, deyiladi xabarda.

Yagona umumrespublika protsessing markazi o‘z ish faoliyati davomida “sifatli va havfsiz xizmatlarni ko‘rsatgan holda, barcha foydalanuvchilarning pul mablag‘larini himoyasini ta’minlash” kabi tamoyilning amalda bajarilishini ta’minlashini ta’kidlab o‘tdi.