Toshkent davlat pedagogika universitetida Innovatsion pedagogika o‘zbek-belarus qo‘shma fakulteti tashkil etilmoqda, deb yozadi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati.

Xabarga ko’ra, Toshkent davlat pedagogika universiteti va Belarus davlat pedagogika universiteti o‘rtasida “Innovatsion pedagogika” o‘zbek-belorus qo‘shma fakultetini tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

“Bu borada Belarus Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Leonid Marinich, Belorus davlat pedagogika universiteti rektori Aleksandr Juk boshchiligidagi delegatsiya a’zolari hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kelishuvga erishildi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, qo‘shma fakultetga dastlab logopediya yo‘nalishi bo‘yicha 100 nafar talaba qabul qilinadi. O‘quv jarayonlari ikkala universitetning malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan eng ilg‘or tajribalar asosida olib boriladi.

Shuningdek, talabalar o‘quv jarayoni va amaliyotning bir qismini Belarusda o‘tishadi hamda bitiruvchilarga Belarus va Toshkent davlat pedagogika universitetlarining diplomi (double degree) beriladi.