“Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan joriy yilning 20 iyunidan boshlab, qog‘oz shaklidagi oylik yo‘l chiptalari bilan birgalikda, 3 oy muddatga sinov tariqasida elektron oylik yo‘l chiptalari (EOYCH) joriy etilgan edi, deb yozadi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Xabarda keltirilishicha, tig‘iz vaqtlarda yo‘lovchi tomonidan to‘lov amalga oshirish jarayonida chiptachiga ham bir martalik to‘lovni ham EOYCH qo‘lidagi qurilma (terminal)da qayd etish yuklanganligi, ammo bu jarayon uning kunlik rejasiga ta’sir qilmaganligi sababli salbiy natija ko‘rsatgan.

“Shu bilan birga, avtobuslarda elektron chiptalarni nazorat qilish borasida yuzaga kelgan noqulaylik natijasida yo‘lovchilar tomonidan bunday yo‘l chiptalaridan noqonuniy tarzda foydalangan vaziyatlar ham ko‘plab kuzatildi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, shunday holatlardan kelib chiqib, qolaversa, elektron oylik chiptalarining sinov muddati yakuniga yetganligini inobatga olib, tizim faoliyati kelasi oylarga uzaytirilmadi.

“Albatta, bu tizimdagi mazkur, elektron to‘lov tizimi masalasiga nuqta qo‘yildi degani emas. Jamiyat tomonidan jamoat transportlarida avtomat to‘lovni joriy etish bo‘yicha xorijning yetakchi kompaniya va firmalari bilan muzokaralar olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

Xususan, Janubiy Koreya, Singapur, Rossiya, Belorussiya, Yaponiya kabi davlatlarning bu boradagi tajribalari o‘rganilmoqda.