Vazirlar mahkamasining “Tadbirkorlik subyektlarini Andijon viloyatining kichik sanoat zonalariga jalb etishga doir qo‘shimcha-chora tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko’ra, Andijon viloyatida foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalari negizida qo‘shimcha ravishda kichik sanoat zonalari tashkil etiladi.

Qarorga muvofiq kichik sanoat zonalari hududidagi davlat mulki tadbirkorlarga 10 yil muddatga ijaraga beriladi. Biznes-rejalar bajarilgan, ish o‘rinlari tashkil etilgan va saqlab qolingan, barcha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar o‘z vaqtida to‘langan taqdirda ularga mulk huquqi beriladi.

Ijaraga olingan maydonga ijara to‘lovi oshib boradigan koeffitsiyentlarni qo‘llamasdan minimal stavkalari belgilanadi.

Shuningdek, kichik sanoat zonalarida umumiy qiymati 300 mlrd so‘m bo‘lgan, importning o‘rnini bosadigan va eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Savdo sanoat palatasi va tijorat banklari kichik sanoat zonalari hududlarida ishlab chiqarishlarni tashkil etish bo’yicha investitsiya loyihalarining biznes-rejalarini ishlab chiqishda tadbirkorlarga ko’maklashadilar.