Germaniyada dunyoda birinchi marta boshqaruvchisiz tramvay sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda “Regnum” AA ma’lumot berdi.

Xabarga ko’ra, namoyish “InnoTrans 2018” ko‘rgazmasi doirasida o‘tkazildi. “Siemens” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan boshqaruvchisiz tramvay “Combino” sinov uchastkasining 6 kilometrlik qismida ishga tushirildi: tramvay “ViP” mahalliy transport kompaniyasining stansiyasidan chiqib ketib, Germaniyaning Potsdam shahri bo‘ylab yo‘l yurdi.

Boshqaruvchisiz tramvay poyezdi sayohati davomida (albatta, kabinada favqulodda vaziyatlarda boshqaruvni to‘xtatish uchun tayyor turgan mutaxassis bor edi) shahar yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari bilan bir vaqtda harakatlandi.

“Combino” boshqaruvchisiz avtomobillarda foydalaniladigan ko‘plab texnologiyalar: lidar, radar, kamera bilan jihozlangan. Maxsus algoritmlar tramvay svetaforning ogohlantiruvchi ishoralariga javob berish imkonini beradi, yo‘ldagi xavfli vaziyatlarni “payqaydi” va to‘xtatadi.

“Bizning asosiy ustunligimiz — xavfsizlik. Bundan tashqari, biz shunday ko‘rinishda samaradorlikni oshirish mumkin deb hisoblaymiz”, — deya ta’kidladi “ViP” kompaniyasi xodimi Oliver Glazer.

“The Guardian” ta’kidlashicha, “ViP” kelajakda yuqori texnologiyali tramvaylarni joriy etilsa-da, haydovchilar ushbu transport tizimida boshqa ish topa olishadi deb hisoblaydi (masalan, imkoniyati cheklangan yo‘lovchilarga yordam berish).