Moskvadan Namanganga dron olib kelmoqchi bo‘lgan shaxs fosh etildi, deb yozadi Davlat bojxona qo’mitasi matbuot xizmati.

Xabarga ko’ra, Namangan viloyati bojxona boshqarmasining “Namangan aeroport” chegara bojxonachilari tomonidan Moskvadan Namanganga dron olib kelmoqchi bo‘lgan shaxs fosh etildi.

“Moskva-Namangan” yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib kelib, “yashil” yo‘lakdan xarakatlangan fuqaro T.I.ning bezovtalanishi bojxona xodimlarida bejiz shubha uyg‘otmagan ekan", deyiladi xabarda.

Belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ushbu shaxsning yuk sumkasi ko‘zdan kechirilganida, unda bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida ham, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ham ma’lum qilinmagan, xorijda ishlab chiqarilgan 1 dona “Y-series” nomli uchuvchisiz uchish apparati borligi aniqlangan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Ilgari Spot Sharjadan kelgan dron Toshkentga kirolmagani haqida xabar bergan edi.