“O‘zsanoatqurilishbank” O‘zbekiston Respublikasidagi JCB xalqaro to‘lov tizimi kartalarini qabul qilishni boshlaydi, deb yozadi bank matbuot xizmati.

JCB International Co., Ltd va “O‘zsanoatqurilishbank” ATB O‘zbekiston Respublikasida “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning ekvayring tarmog‘ida JCB to‘lov tizimi kartalarini qabul qilish to‘g‘risida litsenzion bitimni imzolash haqida e’lon qildilar.

“„O‘zsanoatqurilishbank“ ATB O‘zbekiston Respublikasida JCB xalqaro to‘lov tizimi kartalarini qabul qilishni boshlaydigan birinchi bank bo‘ladi. JCB karta egalari „O‘zsanoatqurilishbank“ bankomatlarida naqd pul yechish va O‘zbekiston xududidagi savdo-servis korxonalari tarmog‘ida xaridlar uchun to‘lovni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

“O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruvi Raisi o‘rinbosari Ergashev Anvarjon ta’kidlashicha, mazkur to’lov tizimi mamlakatimiz jozibadorligini chet el sayyohlari uchun oshirish hamda taqdim etilayotgan chakana xizmatlar turlarini kengaytirish va sifatini oshirish imkonini beradi.

JCB to‘lov tizimi — bu 1961 yilda Yaponiyada tashkil etilgan yetakchi xalqaro to‘lov tizimlaridan biridir. 1981 yilda JCB xalqaro bozorga chiqqan Osiyoda birinchi to‘lov tizimi bo‘ldi. JCB butun dunyoda kartalarni qabul qilish tarmog‘ini faol rivojlantirishni davom etmoqda hamda bozor yetakchilari bilan hamkorlik qilib, savdo-servis korxonalari bilan sheriklik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.