Jizzax viloyatida joriy yilning shu davriga qadar qurilish materiallari ishlab chiqaradigan qator yangi quvvatlar ishga tushirildi, deb yozadi O’zA.

Xabarga ko’ra, viloyatda qiymati 92,2 milliard so‘m bo‘lgan yangi quvvatlar amaliyotga tatbiq etilib, 425 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi.

Zamonaviy turli qurilish materiallari, jumladan, santexnika mahsulotlari, pishgan g‘isht, eshik va romlar, devorbop materiallar, bruschatka, profnastil, beton plitalar, metall va yog‘och buyumlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan 26 loyiha qiymatining 28,0 milliard so‘mi tashabbuskorlarning o‘z mablag‘i bo‘lsa, qolgan 54,4 milliard so‘mi kredit mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri keldi.

“„Jizzax“ erkin iqtisodiy zonasi hududidagi „Master bilding prodakt“ MCHJ yiliga 3 million dona santexnika mahsulotlari ishlab chiqara boshladi. Loyiha qiymati 22 milliard 564 million so‘mni tashkil etdi. Shahardagi „Bunyodkor g‘isht lyuks“ MCHJ esa sifatli pishiq g‘isht ishlab chiqarib, qiymati 4 milliard 800 million so‘m bo‘lgan yangi quvvat yiliga 8 million dona pishiq g‘isht ishlab chiqarish imkoniyatiga ega”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, G‘allaorol tumanidagi “Temurxon asl stroy” xususiy korxonasi, Yangiobod tumanidagi “Yangiobod Xovos” MCHJ va Zomin tumanidagi “Silver Brick Invest” MCHJ ishga tushirildi.