Prezident Buxoroda kichik sanoat zonalari tashkil etish taklifiga rozilik berdi. Bu haqda Prezident qarorida keltirilgan.

Hujjatga ko’ra, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat raqobat qo’mitasi, Buxoro viloyati hokimligining Buxoro viloyatida davlat mulkining va davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi jamiyatlarning foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va obyektlari negizida kichik sanoat zonalarini (keyingi o‘rinlarda — KSZ deb yuritiladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi. Unga ko’ra:

  • KSZ hududidagi davlat ko‘chmas mulki tadbirkorlik subyektlariga biznes rejalarni bajarish, ish o‘rinlarini yaratish va saqlab qolish, barcha turdagi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash sharti bilan keyinchalik mulk huquqi berilgan holda 10 yilga uzoq muddatli ijaraga beriladi;
  • KSZ hududidagi ko‘chmas davlat mulkidan ijara davrida foydalanish uchun ijaraga olingan maydonda amalga oshirilayotgan faoliyat turidan kelib chiqqan holda, ortib boradigan koeffitsiyentni qo‘llamasdan ijara to‘lovining eng kam stavkasi belgilanadi;
  • KSZ ishtirokchilariga investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun yer uchastkalarini berish to‘g‘risidagi qarorlar Buxoro viloyati erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashi tomonidan qabul qilinadi.

Tadbirkorlarga KSZ hududida ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha investitsiyaviy loyihalarning biznes-rejalarini ishlab chiqishda ko‘mak beriladi.

Ilgari Spot Andijon viloyatida kichik sanoat zonalari tashkil etilishi haqida xabar bergan edi.