Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan ikki maktab bazasida xalq ta’limi sohasida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) pilot loyihalari amalga oshiriladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko’ra, Xalq ta’limi vazirligi (136- va 141-sonli maktablar asosida) pilot loyihalarini amalga oshirish uchun investorlar o‘rtasida tanlov e’lon qildi.

Hozirda, Toshkent shahrida 300 ta umumta’lim maktablari faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning 200 tasida yuklanma yuqori darajada qolgan 100 tasida esa ko‘rsatkichlar past ekanligini kuzatish mumkin. Loyiha amalga oshirilayotgan 136- va 141-sonli maktablar ham aynan ikkinchi guruhga kiritilgan.

“Ushbu pilot loyihalar bilan biz xalq ta’limi sohasiga xususiy mablag‘larni jalb etish niyatidamiz. Investitsiyalar bilan birga biz ta’lim sohasiga innovatsiyalar va malakali o‘qituvchilarni jalb etamiz, bu esa ta’lim sifatini oshirishga ko‘mak beradi”, — deydi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Sarvarbek Babaxodjayev.

Babaxodjayev ta’kidlashicha, DXSH loyihasi doirasida investorlar bolalarning ta’lim olishlari va o‘qituvchilarning samarali ishlashlari uchun hamma sharoitlarni yaratishlari kerak bo‘ladi.

O‘z o‘rnida sarmoyadorlar maktab mulki va obyektlaridan 30 yil mobaynida beg‘araz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

“Loyiha bolalarga yaxshi sharoitlarda sifatli ta’lim olish imkoniyatini beradi. Ta’kidlash lozimki, investorlar bilan tuziladigan DXSH shartnomasi doirasida, maktab o‘quvchilarining umumiy sonidan 20%i ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarning farzandlari bo‘lib, ularning bepul ta’lim olishlari nazarda tutiladi”, — dedi Xalq ta’limi vazirligi mutaxassisi Sarvarbek Sadullayev.

Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan maktablar o‘z faoliyatlarini 2019−2020 o‘quv yilida boshlashlari kutilmoqda.