“MAN” transport vositalari xatlandi. Bu haqda O’zA xabar berdi.

Xabarga ko’ra, Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi “Vodiyneftgazavtotrans” MCHJ o‘z vaqtida soliq to‘lovlarini to‘lamay kelgan.

Viloyat iqtisodiy sudining ijro hujjatiga asosan “Vodiyneftgazavtotrans"dan davlat foydasiga 590,3 million so‘m soliq to‘lovlari undirilishi belgilandi.

“Mazkur sud hujjati asosida Majburiy ijro byurosi Rishton tuman bo‘limi tomonidan 2018 yil 8 sentyabr kuni ijro ishi yurituvi qo‘zg‘atilgan va qarzdor jamiyatga yuqoridagi qarzdorlikni 15 kunlik muddat ichida ixtiyoriy to‘lashi uchun muddat belgilangan bo‘lsa-da, qarzdorlik bartaraf etilmadi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, jamiyat balansida bo‘lgan taxminiy bahosi 600 million so‘mlik 4 dona “MAN” rusumli yonilg‘i mahsulotlari tashishga mo‘ljallangan transport vositalari xatlandi.

Mazkur vositalar qonunda belgilangan tartibda ochiq savdolarda sotilib, tushgan pul mablag‘lari davlat foydasiga o‘tkazib beriladi.