Sentyabr oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, xakerlar 30 millionta Facebook foydalanuvchilari shaxsiy ma’lumotlariga kirishga muvaffaq bo‘lishgan. Bu haqda Facebook vitse-prezidenti Gay Rosen ma’lum qildi.

Kompaniyada xakerlar aynan qanday ma’lumotlarni olishgani aniqlashtirildi:

  • 15 million foydalanuvchi haqidagi qisqacha ma’lumot (ismlar, kontaktlar, telefon raqamlari va email pochtalari);
  • 14 million foydalanuvchi haqidagi batafsil ma’lumot (ismlar, kontaktlar, qurilma haqidagi ma’lumotlar, jinsi, tili, munosabatlar holati, dini, yashash manzili, ma’lumoti va hatto qidiruv so‘rovnomalari tarixi ham).

Yana bir millionta foydalanuvchilarga keladigan bo‘lsak, xakerlar ular haqida hech qanday ma’lumot olishmagan (garchi kirish imkoni bo’lgan bo‘lsa ham).

Shuningdek, Rosenning ta’kidlashicha, kompaniya shaxsiy so‘zlashuvlar va bank kartalari haqidagi ma’lumotlarni o‘g‘irlash holatlariga duch kelmagan.

Ma’lumotlari tarqalgan foydalanuvchilarning orasida bor yoki yo‘qligingizni qanday bilish mumkin?

Kompaniya maxsus sahifa yaratdi. Uning uchun o‘z akkauntida avtorizatsiyadan o‘tish va eng oxiriga qadar borish kerak. “Is my Facebook account impacted by this security issue?” bo‘limida (“Mening Facebook akkauntim xavfsizlik tizimiga daxl qilindimi?”) yuqoridagi savolning javobi aks etadi.

Misol uchun javob quyidagicha ko‘rinishi mumkin (xakerlar ismlar, email pochta hamda telefon raqamiga kirishga muvaffaq bo‘lishdi):
Yoki shunga o‘xshash (hech nima o‘g‘irlanmagan):

Kompaniya FTB (federal tergov byurosi), AQSH federal savdo komissiyasi, Irlandiya ma’lumotlarni himoya qilish komissiyasi va boshqa muassasalar bilan birgalikda tergov ishlarini olib bormoqda.

Facebook kompaniyasi FTB tergovchilari tergov tafsilotlarini, shu jumladan hujumlar ortida bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarning ismlarini muhokama qilmaslikni so‘raganligini qayd etib o‘tdi.