POS-terminallar tarmoqlarini boshqarish va monitoring qilishga qaratilgan ishlanmalarga ixtisoslashgan ASHBURN International kompaniyasi Yagona umumrespublika protsessing markazi (YUPM) bilan hamkorlik qilishga qaratilgan kelishuvni imzoladi, deb yozadi markaz matbuot xizmati.

10 yillik muddat davomida amal qiluvchi ushbu kelishuv doirasida ASHBURN International kompaniyasi tomonidan mamlakatimiz bozor sharoitiga moslashtirilgan TransLink.iQ nomli dasturiy ta’minot o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, kelishuvga asosan yangi to‘lov terminallarini yetkazib berish va Yagona umumrespublika protsessing markazining hamkorlari bo‘lmish, mamlakatimizda o‘z foaliyatini olib borayotgan 28 ta bank tomonidan taqdim etiluvchi POS-terminallar uchun 250 000 dan ziyod ruxsatnomalarning sotuvi nazarda tutilgan.

Aniqlik kiritilishicha, bir necha yillar davomida TransLink.iQ platformasiga yiliga 50 mingdan ortiq POS-terminallar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

TransLink.iQ dasturiy ta’minotining avzalliklari qatorida, uning turli rusumdagi POS-terminallar bilan muvofiq tarzda ishlash qobiliyatiga egaligidan tashqari, unda biznes-xarajatlarni optimallashtirish, dasturiy ta’minotlarning yangilanishi hamda POS-terminallar tarmoqlarini real vaqtda masofada turib monitoring qilish va boshqarish imkoniyati mavjudligi ham muhim omillardan hisoblanadi.

Platforma kriptografik kalitlarni avtomatlashtirish, masofadan ekvayring tarmog‘ida ehtimolli nosozliklarni ruyxatdan o‘tkazish va tegishli choralarni ko‘rish imkoniyatini beradi.

TransLink.iQ xalqaro to‘lov tizimlari, EMV va PCI havfsizlik talablariga javob beradi. Bu esa o‘z navbatida, karta egalariga tegishli ma’lumotlarning havfsiz saqlanishini ta’minlaydi.

ASHBURN International kompaniyasi Penki kontinentai tashkiloti guruhi a’zosi hisoblanib, POS-terminallar tarmog‘ini monitoring qilish va boshqarishni ta’minlash, tranzaksiyalar bo‘yicha ma’lumotlar yetkazish, tranzaksiyalar jarayonida ma’lum pul mablag‘ini karta egasiga qaytarish kabi vazifalarni bajaruvchi ishlanmalarni taqdim etadi. Kompaniya tomonidan ijara xizmatlari, bank qurilmalarini o‘rnatish va ularga texnik xizmat ko‘rsatilib kelinadi. Kompaniya tomonidan taqdim etiluvchi dasturiy ta’minot va qurilmalari sertifikatlangan va VISAInternational, Mastercard Incorporated, American Express, Diners Club International, JCB va UnionPay International xalqaro tashkilotlar tomonidan belgilangan EMV standartlari talablariga javob beradi.