Davlat soliq qo‘mitasi “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi” DUK faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan 76 milliard so‘mlik yirik loyihani amalga oshirmoqda, deb yozadi O’zA.

Loyiha natijasida joriy yilning yakuniga qadar 18 750 tonna, ya’ni o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobarga ko‘p baliq yetkazib berilishi kutilmoqda.

“Davlat soliq qo‘mitasi rivojlangan mamlakatlar tajribasini joriy qilish maqsadida Xitoy, Turkiya, Vetnam, Fransiya, Saudiya Arabistoni hamda Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan”, deyiladi xabarda.

Aniqlik kiritilishicha, Xitoydan laboratoriya uskunalari va serhosil baliq turlari olib kelinayotgan bo‘lsa, turkiyalik hamkorlar bilan birgalikda baliqlarni qayta ishlash sexlarini tashkil etish, Birlashgan Arab Amirliklari bilan qafas (sadok) moslamalarida baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yish hamda Saudiya Arabistoni bilan tabiiy suv havzasida baliq yetishtirish bo‘yicha hamkorlikdagi qator loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

“Mamlakatimizda baliqchilikni rivojlantirish yo‘lidagi amaliy sa’y-harakatlar aholining oqsilga boy mahsulotlarga bo‘lgan talabini qondirish, narx-navo barqarorligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda”, — deydi “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi direksiyasi” DUK direktori Ilhom Begmirzayev.

Ta’kidlanishicha, ko‘llar tizimini to‘liq baliqlantirish imkoniyatiga ega bo‘lgan 450 gektar sun’iy suv havzasi barpo etilib, baliq chavoqlarini yetishtirish hamda 500 gektar yer maydonida baliq chavoqlarini oziqlantirish uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish maqsadida direksiyaning avtoparki shakllantirildi.

Xususan, kredit mablag‘lari hisobidan 3 dona “ISUZU” avtomashinasi (2 dona yuk va 1 dona muzlatkichli), 1 dona frontal yuklagich, 1 dona buldozer, 2 dona “MAN” rusumli avtosamosval va 4 dona traktor hamda boshqa qishloq xo‘jaligi agregatlari xarid qilindi. Qo‘shimcha ravishda 3 ta ekskovator, baliq chavoqlari va baliqlarni tashish uchun maxsus avtomashina, muzlatkichli yuk avtomobiliga ham buyurtma berilgan.

Hozirda ko‘llar tizimini baliqlantirish uchun 5,2 million dona baliq chavoqlari yetishtirilmoqda. Shuningdek, oktyabr-noyabr oylarida rejadagi 7 million dona baliq chavoqlari ko‘llar tizimiga tashlanadi. Joriy yil yakuniga qadar rejadagi 100 gektar sun’iy suv havzalari barpo etiladi. To‘liq tizimli inkubatsiya sexining qurilish ishlari yakunlanish arafasida bo‘lib, yil yakuniga qadar shay holatga keltiriladi.

Shu kungacha ko‘llar tizimida 477 yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa, loyiha to‘liq ishga tushishi natijasida mehnat qilayotgan ishchilar soni 2000 nafarga yetkazilishi rejalashtirilgan.