Xalq ta’limi vazirligining “Umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari mehnatini qo‘shimcha rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hujjat loyihasi tayyorlandi va jamoatchilik muhokamasiga qo’yildi.

Loyihaga ko’ra, Hududiy, respublika va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlagan umumiy o‘rta ta’lim maktablari pedagog kadrlari quyidagi tartibda eng kam oylik ish haqining 5 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanishi talkif etilmoqda:

  • fan olimpiadalarining ikkinchi (tuman, shahar) bosqichida 1, 2, 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarini tayyorlagan pedagoglarga — eng kam oylik ish haqining tegishli ravishda 10, 9, 8 barobari miqdorida;
  • fan olimpiadalarining uchinchi (viloyat) bosqichida 1, 2, 3, 4, 5-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarini tayyorlagan pedagoglarga — eng kam oylik ish haqining tegishli ravishda 20, 15, 13, 11, 10 barobari miqdorida;
  • fan olimpiadalarining to‘rtinchi (respublika) bosqichida 1, 2, 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarini tayyorlagan pedagoglarga — eng kam oylik ish haqining tegishli ravishda 40, 35, 30 barobari miqdorida;
  • xalqaro fan olimpidalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan oltin, kumush, bronza medallari sohiblari bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘quvchilarini tayyorlangan pedagoglarga — eng kam oylik ish haqining 50, 45, 40 baravari miqdorida.

Shuningdek, Hududiy, respublika va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlagan pedagoglar belgilangan tartibda umumta’lim muassasalari huzuridagi maxsus komissiya qarori asosida umumiy o‘rta ta’lim maktablari direktorlarining buyrug‘i bilan bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Loyiha rad etilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.