Moliya vazirligida Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbarlari va Xalqaro moliya korporatsiyasi (International Finance Corporation, IFC) vakillari oʻrtasida Oʻzbekistonda gemodializ markazlarini tashkil etish va gemodializ xizmatlarini koʻrsatishni moliyalashtirish uchun xususiy investitsiyalarni jalb etish loyihasi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) muhokamasiga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv davomida quyidagilarni nazarda tutuvchi shartnoma imzolandi:

  • Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan tahlil qilish, tenderni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan tender va boshqa hujjatlarni tayyorlashda yordam koʻrsatish, Loyihani amalga oshirish uchun xususiy sherikni tanlash uchun tender jarayonini oʻtkazishga koʻmaklashish;
  • Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan investor tomonidan taqdim etilgan xizmatlar (dori-darmonlar, ovqatlanish, tibbiy maslahatlar, laboratoriya testlari va boshqalar) va boshqa masalalarni qamrab olgan gemodializ xizmatlari hajmi va darajasini aks ettirgan loyiha hisobotini tayyorlash;
  • Moliya vazirligi tomonidan Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan taqdim etilgan xizmatlar uchun Davlat byudjeti hisobidandan 150,000 $ miqdorida mablagʻ toʻlash;
  • Sogʻliqni saqlash vazirligi tender yakunlari boʻyicha aniqlangan xususiy investor bilan davlat-xususiy sheriklik asosida uzoq muddatli shartnoma bitim tuzish.

Loyihaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • sogʻliqni saqlash sohasida xalqaro tajribani va umum qabul qilingan xalqaro standartlarni joriy etish;
  • xususiy sektordan taniqli va malakali investorlarni shaffof tenderlar jarayoni orqali jalb qilish va xususiy hamkorlar investitsiyalari asosida gemodializ xizmatlarini tashkil etish, boshqarish va taʼminlash borasida uzoq muddatli davlat-xususiy sheriklik (DXSh) shartnomasini tuzish;
  • gemodializ markazlari uchun binolar qurish va rekonstruktsiya qilish, ularda zamonaviy yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan gemodializ markazlarini tashkil etish hamda eng yaxshi xalqaro amaliyotlarni hisobga olgan holda xizmatlar koʻrsatishni va foydalanishni taʼminlash.

Xalqaro moliya korporatsiyasi (International Finance Corporation, IFC) — rivojlanayotgan mamlakatlarda xususiy investitsiyalarning barqaror oqimini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan Jahon bankining tarkibiga kiruvchi xalqaro moliyaviy institut hisoblanadi. IFC kapital ishtiroki shaklidagi investitsiyalar, kreditlar taqdim etadi, moliyaviy kelishuvlar va risklarni boshqarish mahsulotlarini taklif qiladi, rivojlanayotgan mamlakatlarda xususiy sektorning oʻsishini ragʻbatlantirish uchun maslahat xizmatlarini koʻrsatadi.