Energetik ichimliklarni 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga sotganligi uchun jarimaga tortish taklif etilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilindi.

“Milliy tiklanish” DP fraksiya a’zolarining tashabbusi asosida kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini muhokamalardan so‘ng ikkinchi o‘qishda qabul qildilar.

Yig’ilishda ta’kidlanishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga energetik ichimliklarni 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga realizatsiya qilish — fuqarolarga eng kam ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 7 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

“Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonunda energetik ichimliklar tushunchasiga ta’rif berilmoqda hamda “Reklama to‘g‘risida"gi qonunida bunday ichimliklarni iste’mol qilishning zarari, tavsiya etilmaydigan shaxslar haqidagi axborot mavjud bo‘lishi kerakligi, shuningdek televideniye va radio orqali reklama qilish vaqtlari aniq belgilanmoqda”, deyiladi xabarda.

Ichimliklar namunalarini 18 yoshga to‘lmagan shaxslar orasida tekinga tarqatish, asosan 18 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun mo‘ljallangan tadbirlarga homiylik qilish, shu jumladan sotish asosan bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan bosma nashrlarda, shuningdek tibbiyot, sport va ta’lim muassasalarida energetik ichimliklarni reklama qilish ta’qiqlanmoqda.