Xorijlik malakali mutaxassislarni O‘zbekistonda ishlashiga qulay shart-sharoitlar yaratishga oid Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Qaror bilan 2018 yil 1 dekabrdan malakali chet ellik mutaxassislarga nisbatan mehnat qilish huquqini beruvchi tasdiqnomalarni olish (berish) bo‘yicha tartib-taomilni saqlagan holda xorijiy ishchi kuchini jalb qilishga ruxsatnomalarni olish (uzaytirish) zaruriyati haqidagi talab bekor qilinadi.

Tasdiqnomalarni rasmiylashtirish va berish (uzaytirish) uchun yuqori malakali mutaxassisdan eng kam oylik ish haqining 1 baravari miqdorida, malakali chet ellik mutaxassislardan — eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida to’lov undiriladi.

Tasdiqnomalar muddati 3 yilni tashkil qiladi, uni uzaytirish mumkin.

Qaror bilan yuqori malakali mutaxassis va malakali mutaxassis tushunchasiga ta’rif berildi.

Xususan, tegishli reytingda birinchi 1 000 o‘rinlardan birida turuvchi oliy ta’lim muassasasini bitirgan, 5 yildan kam bo‘lmagan ish stajiga ega bo‘lgan, O‘zbekistonda ishlashi uchun yiliga 60 ming $dan kam bo‘lmagan summada ish haqi olishi nazarda tutuvchi shaxslar yuqori malakali mutaxassislar deb e’tirof etiladi.

Malakali mutaxassislar deb e’tirof etilishi uchun oliy ma’lumot, 5 yillik ish staji hamda O‘zbekistonda ishlashi uchun yiliga 30 ming $dan kam bo‘lmagan summada ish haqi olish lozim bo‘ladi.

Yuqori malakali va malakali mutaxassislar tasdiqnoma olmasdan o‘rindoshlik asosida ishlash huquqiga ega. Ularga mehnat vizasi mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnomasi amal qiladigan, biroq 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.

2018 yil 1 dekabrdan eng kam oylik ish haqining 8 500 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda xo‘jalik jamiyatlarining aksiyalari va ulushlarini sotib olish, shuningdek, xorijiy korxona tashkil etish shaklida investitsiya kiritgan chet el fuqarolari hech qanday ruxsat beruvchi tartib-taomillarni o‘tmagan holda mazkur tashkilotning istalgan lavozimida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab yuqori malakali mutaxassislardan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i belgilangan stavkaning 50%i miqdorida undiriladi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra 3 oy muddatda bir necha xalqaro tillarda (ingliz, nemis, arab, xitoy, rus va boshqalar) ishlaydigan O‘zbekistonga kirish va undan chiqish tartib-taomillari, viza, yashash guvohnomasi olish, ro‘yxatga turish, propiska qilinish tartibi, soliq va mehnat munosabatlari xususiyatlari, chet el fuqarolari uchun imtiyoz va preferensiyalar bo‘yicha batafsil axborotni nazarda tutuvchi hamda ish va uy-joy izlash bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga oluvchi maxsus axborot portali ishga tushiriladi.