Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan, Ilg‘or texnologiyalar markazi tuzilmasida yuqori texnologiyali kichik kompaniyalar uchun mavjud infratuzilma, xonalar, laboratoriyalar va asbob-uskunalarni imtiyozli shartlarda taqdim etgan holda Innovatsion startap-akselerator va startap-inkubator tashkil qilishi ko’zda tutilgan edi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazida yuqori texnologiyali, kichik startap kompaniyalar uchun “Sciencethon” dasturi bo‘yicha Innovatsion startap akselerator va inkubator tashkil etildi. Bu haqda O’zA ma’lum qildi.

Bu yerda Laboratoriya asbob-uskunalari, ishlab chiqarish maydonlari va ofis xonalari Ilg‘or texnologiyalar markazi rezidentlariga ijaraga 2 yil muddatga, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishilgan holda 5 yilgacha uzaytirish huquqi bilan taqdim etiladi.

“Maqsadim mamlakatimiz hududiga import sifatida keladigan oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘shiladigan ayrim mahsulotlarni mahalliylashtirishdan iborat. Agar shu startap-akseleratorda men bergan arizani tanlashadigan bo‘lsa, olti oy davomida turli treninglarda ishtirok etamiz. Bu jarayon bizga kerakli maslahatlarni qo‘lga kiritib, loyihani amalga oshirishga imkon yaratadi”, — deydi tadbirkor Sheroz Dolimov.

Xabarga ko’ra, tadbirda, startaplar ijtimoiy-iqtisodiy muhitning jadal rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishi, shu bois bunday kompaniyalarning muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun moddiy, infrastrukturaviy va tajriba jihatdan qo‘llab-quvvatlash lozimligi, bunday ko‘makni esa maxsus strukturalar startap akselerator va inkubatorlar yaratib berishi mumkinligi qayd etildi.