Turkiyaning “ALLESS SAG’LIK GROUP” kompaniyasi Termiz shahrida davlat-xususiy sherikchilik tamoyillari asosida gemodializ hamda tibbiy-diagnostika laboratoriyasini ochish loyihasini amalga oshiradi, deb yozadi Viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Viloyat hokimligida mazkur kompaniya direktori Kamron Amasiyali bilan bo‘lgan uchrashuvda bu borada kelishuvga erishildi. Unga muvofiq, aholiga gemodializ yordami hamda tibbiy-diagnostika laboratoriyasi xizmatini ko‘rsatish sohasidagi ushbu loyihani amalga oshirish uchun 1 million $ miqdoridagi investitsiyalar jalb etiladi.

Uchrashuvda markaz va laboratoriya uchun binolar ajratish, ularni modernizatsiya qilish, tibbiy uskunalar va malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek, kelgusida Denovda ham tumanlararo gemodializ markazini ochish masalalari ham kelishib olindi.