Toshkent shahar, Shayhontoxur tumanida ko‘p tarmoqli “Oqlon” texnologiya parkini tashkil etiladi. Bu haqda Vazirlar mahkamasi qarorida keltirilgan.

Hujjatga ko’ra, texnopark investitsiyalarni faol jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratish, yangi raqobatbardoshli ishlab chiqarishlarni va texnologiya parklarini rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash, ularning alohida hududlarda jamlanishini ta’minlash, shu asosda ishlab chiqarish sohasida yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini va farovonligini oshirish maqsadida tashkil etiladi.

Texnopark hududida mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlarning yangi turlarini ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi.

“O‘zsanoatqurilishbank” ATBning investitsiya kompaniyasi — “PSBCapital” MCHJ “Oqlon” texnologiya parkini Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziga tegishli bo‘lgan, Toshkent shahri, Shayhontoxur tumani, Ko‘kcha darvoza ko‘chasi, 27-uy manzilidagi bo‘sh turgan yer uchastkasining umumiy maydoni 1,8 gektar bo‘lgan qismida barpo etadi.

Qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari — Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R. Xolmuradov va Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi J.A. Artikxodjayev zimmasiga yuklandi.