Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan “Turizm to‘g‘risida"gi yangi tahrirdagi qonun loyihasini takomillashtirishga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Xabarga ko’ra, 2018 yilning 8 oyi davomida mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 3,4 mln. nafardan oshdi. Sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi mehmonxonalar soni 2018 yil 1 sentyabr holatiga 854 taga, ulardagi xonalar soni 19 559 taga yetdi. Ushbu ko‘rsatkich 2017 yil yakuni bo‘yicha mos ravishda 761 ta va 18464 tani tashkil etdi.

Mazkur ijobiy tendensiyani saqlab qolish va kelgusida yanada rivojlantirish, sohaga oid muhim normalarning barqarorligini ta’minlash maqsadida bundan 19 yil oldin qabul qilingan “Turizm to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni yangi tahrirda ishlab chiqilgan.

Ochiq muloqotda mazkur Qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan turoperatorlar va turagentlarning, mehmonxona xo‘jaligi yurituvchilarining, mutaxassislar hamda ilmiy jamoatchilikning takliflari eshitilib, muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, mazkur qonun loyihasini xalqaro standartlar va tajribalarga muvofiqlashtirish bilan birga, ichki va xalqaro turizmni rivojlantirishga, turistlarga xizmat ko‘rsatish hajmini oshirishga, turizm infratuzilmasini xalqaro talablar darajasiga yetkazishga, eng muhimi, bugungi kunda turizmni jadal rivojlantirishga xalaqit berayotgan omillarni bartaraf etishga qaratilgan normalar bilan to‘ldirish lozim.

“Turizm sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi turoperatorlar va mehmonxona xo‘jaligi yurituvchilari qonun loyihasini iqtisodiy qoidalar, turizm sohasidagi tadbirkorlikni rivojlantirishga oid, mahalliy va xorijiy investorlarga aniq imtiyozlar beruvchi, turizmning ijtimoiy turizm, yoshlar va bolalar turizmi kabi turlarini kengroq ommalashtirishga oid normalar bilan to‘ldirish yuzasidan takliflar berdi”, deyiladi xabarda.

Sohani boshqarishga va tartibga solishga mas’ul mutaxassislar, ilmiy jamoatchilik vakillari esa, qonun loyihasida turizmning hududiy departamentining vakolatlarini belgilash, turizm sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tubdan takomillashtirish, zamonaviy fanlar, o‘quv dusturlarini joriy etish, sohaga oid amaliy ilmiy-tadqiqotlarni kuchaytirish, gidlarning turistlarga to‘liq, ishonchli ma’lumotlar berishdagi mas’uliyatini oshirishga oid normalar o‘z aksini topishi haqidagi takliflarni bildirdi.