Texnoparklar davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritadilar. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi QHTBT portalida muhokama qilinmoqda. Bu haqda Norma xabar berdi.

Hujjatda texnopark maqomini berish tartibi va shartlari, uning faoliyat yo‘nalishlari va funksiyalari, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun davlat-xususiy sheriklik shakllari nazarda tutilgan.

Texnoparklar quyidagi sohalarda ilmiy tadqiqotlarni, sanoatda tajriba sinovlarini o‘tkazishga, innovatsion namunalarni o‘zlashtirish uchun berishga ixtisoslashtirilishi kutilmoqda:

  • kimyo texnologiyalari, biotexnologiyalar, farmatsevtika va tibbiyot biotexnologiyalari, o‘simliklarni himoya qilish vositalari;
  • materialshunoslik, metallarga ishlov berish texnologiyalari, seysmik chidamlilik, qurilish materiallari;
  • oziq-ovqat sanoati;
  • energiya tejash, muqobil va qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishlab chiqarish;
  • elektron o‘lchov asboblari, robot texnikasi, mashinasozlik, elektr texnika.

Texnoparklarni tashkil etish va tugatish vazifasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga yuklatildi. Texnopark faoliyatini direksiya boshqaradi. U rezidentlarni jalb etib, uning hududida joylashtiradi.

Texnoparklar hududida loyihalarni amalga oshirish uchun davlat-xususiy sheriklikning quyidagi shakllari taklif etilmoqda:

  • texnoparklar binolari qurilishi uchun yer uchastkalarini bepul asosda doimiy foydalanishga berish;
  • innovatsion faoliyat yuritish uchun bo‘sh turgan davlat ob’ektlarini “nol” xarid qiymatida berish;
  • foydalanilmayotgan binolar yoki korpuslarni xususiy sheriklarga uzoq muddatga bepul foydalanishga berish;
  • konsessiya asosida qurilish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun yer uchastkasi yoki binoni ajratish;
  • xususiy sherikning mol-mulki negizida tashkil etilgan innovatsion texnoparklarni moddiy-texnikaviy va moliyaviy jihatdan ta’minlash.

Loyihalar davlat yoki xususiy sherik tashabbusiga ko‘ra kelishuv asosida amalga oshiriladi.

Ajratiladigan yer uchastkalarini, shuningdek foydalanilmayotgan bo‘sh turgan binolarni viloyat hokimliklari Innovatsion rivojlanish vazirligining taqdimnomasiga ko‘ra belgilaydilar. Ularning o‘zlari bo‘sh turgan davlat obyektlari “nol” xarid qiymatida uzoq muddatli bepul foydalanishga berilishini ta’minlaydilar.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.