Prezident Parrandachilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko’ra, parrandachilik mahsulotlarini qayta ishlash darajasi past, tarmoq mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishda yarim tayyor mahsulotlar ulushi yuqoriligicha qolmoqda, shuningdek, parranda chiqindilarini chuqur qayta ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilmayapti.

Shuningdek, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni kiritish bo‘yicha tajriba yetarli emas, bu borada yetakchi xorijiy hamkorlar bilan yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilmayapti.

Qaror bilan Respublikada parrandachilikni yanada rivojlantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sohaga ilg‘or texnologiyalar va innovatsion ishlanmalarni joriy etish, parranda mahsulotlarini qayta ishlashni chuqurlashtirish, ularning turlari va eksport ko‘lamini kengaytirish maqsadida parrandachilikni rivojlantirishning ustuvor vazifalari belgilandi:

  • raqobatbardosh parranda mahsulotlari ishlab chiqarish orqali aholini yetarli miqdorda parranda mahsulotlari bilan barqaror va maqbul narxlarda ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish;
  • ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasidan foydalangan holda parrandachilik klasterlarini tashkil qilish, bunda innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq etish;
  • sohaga faol investitsiya jalb etish orqali parranda mahsulotlarini, shu jumladan, parranda chiqindilarini chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli parranda mahsulotlarini ishlab chiqarish;
  • ilmiy-diagnostika laboratoriyalar tashkil qilish orqali parrandalar orasida kasalliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish choralarini ko‘rish;
  • ozuqa bazasini kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi ozuqa va vitaminlarni ishlab chiqarish;
  • parrandachilik sohasida yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarni hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni ta’minlash.

Qarorga muvofiq, “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning ustav kapitalidagi davlat ulushi 50 million $ miqdorida oshirildi.

Ushbu mablag‘lar parrandachilikni rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish maqsadida boshqa tijorat banklariga ham kreditlar ajratish uchun yo‘naltiriladi.

Parrandachilik loyihalari uchun banklar tomonidan 2019−2020 yillarda ajratilayotgan kreditlar foizi uchun kompensatsiya berishning quyidagi tartibi o‘rnatildi:

  • aylanma mablag‘larni to‘ldirishga tijorat banki tomonidan o‘rnatilgan kredit stavkasining 25%i miqdorida, ammo kredit stavkasining 5%dan ortiq bo‘lmagan miqdorda;
  • asbob-uskunalar sotib olish, parrandachilik klasterlarini va inkubatsiya sexlarini tashkil qilish, bino-inshootlarni qurish va qayta ta’mirlash, maxsus texnika xarid qilish uchun tijorat banki tomonidan o‘rnatilgan kredit stavkasining 50%i miqdorida, ammo kredit stavkasining 10%dan ortiq bo‘lmagan miqdorda.

2021 yil 1 noyabrgacha quyidagilar bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi:

  • naslli ona tovuq va barcha turdagi texnologik asbob-uskunalar sotib olish, parranda yetishtirishni tashkil etish, parranda mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash, inkubatsiya sexlarini tashkil etish, parrandachilikka ixtisoslashgan bino-inshootlarni qurish va qayta ta’mirlash, maxsus texnika, ehtiyot qismlar va boshqa asosiy vositalar;
  • chet el tashkilotlari va uning sho‘'ba korxonalari, firma do‘konlari, dilerlik tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan parrandachilik xo‘jaliklari ehtiyoji uchun chetdan keltiradigan parranda ozuqa va ozuqa qo‘shimchalari, veterinariya preparatlari, diagnostikumlar.