Vazirlar mahkamasining “2018−2019 yillarda Toshkent viloyatini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi.

Hujjatga ko’ra, 2019 yil 1 iyungacha “Binolar, inshootlar va ko‘p yillik daraxtlarga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma” o‘rniga “QR kod” bilan kadastr pasportini berish va qishloq xo‘jaligi yerlari ajratishning auksion tarzida “blokcheyn” orqali amalga oshirish tizimi joriy etiladi.

Dastur doirasida jami 1 009 ta loyiha amalga oshirilishi, ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun 8 trln 241 mlrd 879 mln so‘m o‘zlashtirilishi nazarda tutilgan. Dasturni amalga oshirish orqali 19 ming 333 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shu jumladan sanoat, xizmat ko’rsatish, turizm va qishloq xo’jaligi sohalarida 638 ta loyiha, yo’l-transport va muhandislik, kommunikatsiya sohasida 283 ta, shuningdek, ijtimoiy soha infratuzilmasini yanada rivojlantirish bo’yicha 88 ta loyiha amalga oshiriladi.

Dasturda 22 ta davlat bog‘chalarini rekonstruksiya qilish, 17 ta xususiy tibbiyot muassasalari qurish, shuningdek bir qator maktablarni kapital ta’mirlash, sport inshootlari qurish belgilangan.

Bundan tashqari dasturga muvofiq Chirchiq davlat pedagogika institutida 1 500 o‘rinli yangi o‘quv binosi va 400 o‘rinli talabalar yotoqxonasi barpo etiladi.