Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Farmon bilan 2019 yil 1 yanvardan boshlab:

  • loyihalash va qurilish faoliyatini amalga oshirish uchun Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga a’zo davlatlar tomonidan berilgan sertifikatlar va boshqa hujjatlar tan olinadi;
  • qurilish uchun yer uchastkalarini vaqtida ajratmaslik yoki noto‘g‘ri ajratish natijasida yuzaga kelgan xarajatlar mahalliy byudjetlar mablag‘i hisobidan qoplanadi;
  • milliy qurilish normalari va qoidalari xorijiy normativ-texnik hujjatlarga tanlov asosida moslashtiriladi.

2020 yil 1 yanvardan uy-joy qurilish obyektlari energiya-samarador va energiya-tejamkor uskunalar bilan majburiy jihozlanishi lozim, BREEAM (binolar samaradorligini ekologik baholash usuli) va LEED (energiya-samarador va ekologik loyihalashtirish bo‘yicha qo‘llanma) standartlari bo‘yicha sertifikatlarga ega obyektlar bundan mustasno.

Bundan tashqari, qurilish sohasini texnik tartibga solishning normativ bazasi quyidagi bosqichlarda isloh qilinadi:

  • tayyorgarlik davri (2019−2021 yillar) — geologik, tabiiy-iqlim, seysmologik xususiyatlarni inobatga olgan holda milliy qurilish normalari qayta ko‘rib chiqiladi va xorijiy normativ-texnik hujjatlarga moslashtiriladi;
  • o‘tish davri (2022−2026 yillar) — moslashtirilgan norma va qoidalar amaliyotda qo‘llaniladi, qurilish sohasiga innovatsiyalar joriy etiladi;
  • yakuniy davr (2027−2028 yillar) — qurilish sohasining yagona normativ bazasi yaratiladi.

2019 yil 1 martga qadar quyidagilar bo‘yicha taklif kiritiladi:

  • xorijiy kompaniyalarni jalb etgan holda O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan va mamlakat hududiga ilk bor olib kiriladigan qurilish asbob-uskunalari, texnikasi, materiallari va buyumlarini sertifikatlaydigan sinov laboratoriyalarini tashkil etish;
  • davlat organlarida idoraviy ob’ektlarni qurish va rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi funksiyalarini bajaruvchi tarkibiy bo‘linmalar tashkil etish;
  • hisoblangan qiymati tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga nisbatan oshib ketgan qurilish obyektlarini moliyalashtirish tartibini aniqlash;
  • mamlakatning har bir hududida yirik ixtisoslashtirilgan qurilish-pudrat tashkilotlarining faoliyatini tashkil etish.