GM Uzbekistan “Damas” va “Labo” avtomobillariga yangi arizalar qabul qilinishi vaqtincha to‘xtatilganini e’lon qildi.

Xabarga ko’ra, avtomobillarining onlayn xaridi bo‘yicha yangi Uzavtosavdo.uz tizimi ishga tushirilganidan boshlab “Damas” va “Labo” avtomobillariga bo‘lgan arizalar inventarizatsiya qilingan.

“2018 yilning 24 avgustidan 6 noyabriga qadar bo‘lgan davrda xaridorlar tomonidan 11 141 ariza va shartnomalar bekor qilindi. Natijada bugungi kungacha 128 274 arizalar mavjud (shundan: 99 563 „Damas“ va 28 711 „Labo“ avtomobillariga)”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, 2018 yilning 8 noyabr holatiga xronologik tartibda ariza qoldirgan sanalar bo‘yicha dastlabki to‘lovni amalga oshirish uchun 27 000 dona shartnoma mavjud. Ushbu shartnomalar 2019 yilning 6 oylik ishlab chiqarish hajmini o‘z ichiga oladi. Ushbu xaridorlar yozma va SMS tarzda bildirish olishadi.

Mavjud arizalar bo‘yicha tekshiruvlar ohiriga yetkazilmagunga qadar ushbu modeldagi avtomobillarga yangi arizalar qabul qilinishi vaqtincha to‘xtatiladi.