Turizm obyektlarini qurish uchun investorlarga yerlar auksionsiz beriladi. Bu haqda Vazirlar mahkamasining “2018 yil 19−21 noyabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Turizm sohasidagi birinchi xalqaro investitsiya forumini samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida keltirilgan.

Qarorga muvofiq, forumni o‘tkazish doirasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun, istisno tariqasida, yer uchastkalari ajratilishining alohida tartibi belgilandi.

Bunda quyidagilar nazarda tutilgan:

  • turizm infratuzilmasi ob’ektlarini qurish uchun investorga aniq investitsiya majburiyatlari ostida yer uchastkalarini elektron auksion o‘tkazmasdan ajratish;
  • barcha zarur shartlar, shu jumladan, ajratilayotgan yer uchastkasi va investor tomonidan bajarilishi lozim bo‘lgan investitsiya majburiyatlari bo‘yicha mahalliy davlat organi rahbari va investor o‘rtasida kelishuvga erishilgan taqdirda loyihani amalga oshirish to‘g‘risida investitsiya bitimining imzolanishi;
  • investor tomonidan O‘zbekistonning tijorat banklariga 15 ish kuni mobaynida investitsiya bitimi summasining 25%i miqdoridagi mablag‘ni deponentga o‘tkazish yoki 5%i miqdoridagi majburiyatni bajarish kafolatini (performance bond) berish sharti bilan investitsiya bitimi tuzilishi.

Investor tomonidan pul mablag‘lari depozitga o‘tkazilgan yoki moliyaviy majburiyatlarni bajarish bo‘yicha kafolat berilgan kundan e’tiboran besh kun muddatda investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun hokimliklar yer uchastkasini ajratish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.