O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mo‘ynoq tumaniga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2019 yilda Mo‘ynoq tumanida — sanoat sohasida 12 ta, qishloq xo‘jaligida 5 ta, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 14 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ijtimoiy soha obyektlari qurish va ta’mirlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Mo‘ynoqning mavjud salohiyati, tabiiy imkoniyatlaridan foydalanib, ichki bozorga kerakli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Prezident kelgusi ikki yilda Mo‘ynoqda 20 ta ko‘p qavatli uy qurish, yangi shaharcha barpo etish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu yerda zamonaviy shaharsozlikdagi barcha yangiliklarni joriy etish, namunaviy infratuzilma yaratish zarurligini ta’kidladi.

Ta’kidlanishicha, Mo‘ynoq atrofida qamish ko‘p. Uni qayta ishlaydigan korxonalar tashkil etib, bozorbop qurilish materiallari tayyorlash, yoshlarni ish bilan ta’minlash mumkin. Hududning yana bir imkoniyati — suv havzalari. Ularda baliqchilikni rivojlantirish, baliqni qayta ishlab sotish orqali oilalarga baraka kiradi.

Mo‘ynoqda chorvachilik, ayniqsa, echkichilikni rivojlantirish ham mumkin. Echki tashqi muhitga yaxshi moslashadi, ozuqa tanlamaydi. Uning junidan kundalik ehtiyoj tovarlari tayyorlab sotish xotin-qizlar uchun ish o‘rni bo‘ladi.