Yurtimizning har bir hududida Prezident maktablari tashkil etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvda ma’lum qildi, deb yozadi Prezident matbuot xizmati.

“Mamlakatimizni yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarishni o‘z oldimizga ustuvor vazifa qilib qo‘ygan ekanmiz, buni amalga oshirish uchun bizga, eng avvalo, yangi avlod kadrlari kerak. Ana shunday yuksak salohiyatli kadrlarni tarbiyalash maqsadida yurtimizning har bir hududida bittadan yangi tipdagi maktablar — Prezident maktablarini tashkil etishni rejalashtirganmiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari bu ishni Qoraqalpog‘istondan, Nukus shahridan boshlashni taklif qildi. Taklifni barcha katta xursandchilik bilan qo‘llab-quvvatlagach, Prezidentimiz soha mutasaddilariga bu bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Ta’kidlanishicha, 2019 yili Qoraqapog‘istonda 2 ming 400 o‘rinli 7 ta maktab qurilishi, maktabgacha ta’lim va sog‘likni saqlash tizimlaridagi ishlar izchil davom ettirilishi qayd etildi.