Ayrim davlat idoralarining ish beruvchilari tomonidan xodimlardan soliq qarzdorligi mavjud emasligi haqidagi ma’lumotnoma talab etilayotganligi holati ko‘plab uchramoqda.

Ma’lumotnoma, asosan, xodimga ish haqi hisoblash paytida talab etilmoqda. Ish beruvchining mazkur talabi qonunda nazarda tutilmagan, deb yozadi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

2018 yilning iyun oyidan boshlab davlat xizmatlari markazlari tomonidan jismoniy shaxslarga soliq qarzdorligi mavjud yoki mavjud emasligi haqida ma’lumotnomalar berish xizmati joriy etildi. So‘nggi 5 oy davomida markazlar tomonidan 81 mingdan ortiq ma’lumotnomalar berilgan.

Xabarga ko’ra, asosan, tibbiyot, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari ish beruvchilari tomonidan shu kabi ma’lumotnomalar talab etilgan.

Xususan, O‘zbekiston tumanida (Farg‘ona) 75 ta va Jondor tumanida (Buxoro) 65 ta holatda tibbiyot muassasalari xodimlaridan ish beruvchilari ma’lumotnomalar talab etganligi faktlari aniqlandi.

Bu kabi ma’lumotnomalar talab etilishining sabablaridan biri sifatida, ayrim hollarda soliq organlarining yer va mulk soliqlarini o‘z vaqtida undirishda amaliy yordam berish haqidagi xatlari asos bo‘lib, bunda xodimlar davlat xizmatlari markaziga murojaat etishga majbur bo‘lishgan.

Bundan tashqari, fuqarolardan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish paytida yer tuzish va kadastr organlari tomonidan bunday ma’lumotnomalarni talab etilganligi holatlari ham uchradi.

Shunday qilib, xodimlardan soliq qarzdorligi mavjud emasligi haqidagi ma’lumotnoma talab etilayotganligi holati nafaqat ularning qonuniy huquq va manfaatlariga ziyon yetkazmoqda, shu bilan birga davlat xizmatlari markazlarida sun’iy navbatlarning ortishiga sabab bo‘lmoqda.

“Qayd etish lozimki, manfaatdor idora va tashkilotlar, zarur hollarda, soliq organlaridan bu kabi ma’lumotlarni so‘rovnoma yuborgan holda mustaqil olishlari mumkin”, deyiladi xabarda.

Bunda, xodimda soliq qarzdorligi aniqlansa, ish beruvchi qarzdorlikni undirish haqidagi sud yoki davlat ijrochisining hujjati asosida uning oylik maoshidan ushlab qolish huquqiga ega.

Hozirda Adliya vazirligi mnfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish beruvchilar o‘z xodimlaridan har xil ma’lumotnomalarni noqonuniy talab etishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rmoqda.

Vazirlik agar ish beruvchi qonunda belgilanmagan ma’lumotnomalar yoki hujjatlar taqdim etishni talab qilsa yoxud bunga majburlasa, Adliya vazirligining 1008 qisqa raqamli ishonch telefoniga yoki info@minjust.gov.uz elektron pochtasi orqali murojaat etishni so’raydi.