Hyundai-Namangan KD avtomobil zavodining qurilishi boshlandi, deb yozadi Xalq so’zi.

Koreya Respublikasining “Hyundai motor”, “Evyegreen motors” va “Posko-Daewoo corporation” kompaniyalari hamkorligida bunyod etiladigan korxona 2019 yilning sentyabrida ilk mahsulotini ishlab chiqaradi.

Loyihaga ko‘ra, bu yerda avvaliga yiliga 400 ta kichik yuk mashinalari, mikroavtobus va avtobuslar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Bu ko‘rsatkichni bosqichma -bosqich 2500 taga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Zavod foydalanishga topshirilishi bilan 150 kishi ish boshlaydi, keyinchalik ishlovchilar soni ming nafardan oshadi. Mahsulot ishlab chiqarishning dastlabki pallasidanoq butlovchi qismlarning 50%ini mahalliy sharoitda tayyorlash rejalashtirilgan.

Ilgari Spot O’zbekistonda Hyundai avtomobillari sotuvi boshlanishi haqida xabar bergan edi. “Hyundai Auto Kazakhstan” kompaniyasining direktori Denis Kolomatskiy so’zlariga ko’ra, kompaniya hozirgi kunda ichki sertifikatlashni yakunlab, avtomobillarni O’zbekistonga olib kirishni boshladi va birinchi dilerlik markazini ro’yxatdan o’tkazmoqda. Yangi yildan boshlab to’la hajmda ishga tushish rejalashtirilgan.