Yaqin kunlarda poytaxtimizning Yunusobod tumanida Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda o‘zbek-xitoy ilmiy-texnologik parki ishga tushirilishi kutilmoqda. Bu haqda Vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

An’anaviy sharq davolash usullari asosidagi Xitoy tibbiyot markaziga bugunga kelib 20 million $ miqdorida investitsiya kiritilgan bo‘lib, 300 ta ish o‘rni tashkil etilishi nazarda tutilgan.

“Bu markazning o‘ziga xosligi shundan iboratki, unda ham sharq tabobatining asrlar davomida sinovdan o‘tgan davolash uslublari, ham g‘arb tibbiyotining ilg‘or natijalaridan foydalaniladi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, dori preparatlarining 8 xil ko‘rinishdagi (tabletkalar, kapsulalar, suyuq ko‘rinishdagi va b.) turlarini ishlab chiqaradigan farmatsevtika zavodi qurib bitirildi.

Zavod yuqori xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi va GMP (Good Manufacturing Practic) talablariga mosligi bilan ahamiyatga molik. Hozirda 6000 kv. m maydonli 4 qavatli tibbiy diagnostika markazining korpusi va uchta mehmonxona binolarining qurilishi yakunlanmoqda.

Zavod qurilishi import o‘rnini bosuvchi generik dorilarni ishlab chiqarish va ularning tannarxini arzonlashtirishga xizmat qiladi.

Mazkur o‘zbek-xitoy ilmiy texnologik parki kadrlar tayyorlash va zamonaviy ilm-fan natijalarini amaliyotga jalb etishning o‘ziga xos platformasini shakllantirish orqali fan, ta’lim va ishlab-chiqarishning o‘zaro integratsiyalash natijasida o‘ziga xos namunaviy innovatsion klasterni yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Good Manufacturing Practic — dori vositalari, tibbiyot uskunalari, diagnostika jihozlari, oziq-ovqat mahsulotlari, biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqarish me’yorlari, qoidalari va ko‘rsatmalarini mujassam etgan xalqaro tizim bo‘lib, ma’lum preparat yaratilganida belgilangan talablarga mos ravishda hamda mazkur preparatni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning talablari asosida preparat ishlab chiqarilishini ta’minlaydi.