Davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini yetishtirish bo‘yicha Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida urug‘chilik klasterlari tashkil etiladi. Bu haqda Prezident qarorida keltirilgan.

Qarorga muvofiq, quyidagilar urug‘chilik klasterlarining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • davlat va xalqaro standartlar talablariga muvofiq, shu jumladan, himoyalangan maydonlarda, gidroponika va aeroponika texnologiyalarini qo‘llagan holda texnik, don, dukkakli don, sabzavot, poliz va boshqa ekinlar urug‘larini yetishtirish, tayyorlash va sotish;
  • mahalliy va xorijiy seleksiya navlarining mavjud kolleksiyasi asosida hosildorligi va sifati yuqori, zararkunanda va kasalliklarga chidamli, qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarining navlari va duragaylarini yetishtirish tizimini yaratish;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi navlari va duragaylarini yaratish bo‘yicha ilmiy va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tadqiqotlar olib borishga ko‘maklashish;
  • urug‘chilik sohasida kadrlar malakasini oshirishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga va ta’lim muassasalariga shartnomalar asosida amaliy yordam ko‘rsatish.