Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori e’lon qilindi.

Qarorga binoan Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiya va Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi faoliyati tugatiladi.

Axborot sohasida yagona davlat siyosati ro‘yobga chiqarilishining samaradorligini oshirish, telekommunikatsiya, axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash sohasidagi nazorat tizimini yanada takomillashtirish maqsadida quyidagilar tashkil etiladi:

  • umumiy shtat birligi 198 nafar, shu jumladan, hududiy bo‘linmalarda — 110 nafar bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat inspeksiyasi);
  • davlat unitar korxonasi shaklida Texnik ko‘maklashish markazi (keyingi o‘rinlarda — Markaz);
  • Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga ko‘maklashish markazi.

Davlat inspeksiyasi va Markaz operativ boshqaruv huquqi asosida Toshkent shahar, Do‘rmon yo‘li ko‘chasi, 31-uy manzilidagi binoda joylashtiriladi.

2019 yil 1 yanvardan:

  • axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, apparat vositalari va dasturiy mahsulotlar, himoya vositalari va boshqa texnik vositalarga texnik topshiriqlar bo‘yicha xulosalar Markaz bilan majburiy tartibda kelishiladi;
  • davlat organlari va tashkilotlarining axborotlashtirish ob’ektlarida (davlat sirlari bundan mustasno) joriy etiladigan va foydalaniladigan apparat vositalari va dasturiy mahsulotlar majburiy ravishda Markazda attestatsiya va ekspertizadan o‘tkaziladi;
  • Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, apparat vositalari va dasturiy mahsulotlar, himoya vositalari hamda boshqa texnik vositalarga texnik topshiriqlar bo‘yicha xulosalarni Markaz bilan majburiy kelishilgandan so‘ng berilishini ta’minlaydi.