GM Uzbekistan dilerda mavjud avtomobillarni bronlash (band qilish) muddatlari bir kungacha qisqarayotganini ma’lum qildi.

Endilikda Uzavtosavdo platformasi orqali avtomobilni bron qilgan mijoz 24 soat davomida uni xarid qilish uchun shartnoma imzolashi yoki to‘lovni amalga oshirishi lozim bo‘ladi.

“Uzavtosavdo.uz platformasini optimallashtirish dilerlik markazlarida avtomobil xaridi jarayonida yuzaga kelayotgan soxta arizalardan tozalash maqsadida amalga oshirilmoqda. Avtomobil broni 1 kun saqlanadi. Ushbu muddat tugagach tanlangan avtomobil brondan olinadi”, deyiladi xabarda.

7 noyabr kuni GM Uzbekistan avtomobillarini onlayn rejimda xarid qilish uchun O‘zbekistonda birinchi to‘liq avtomatlashtirilgan Uzavtosavdo internet va mobil platformasi ishga tushirildi. Yangi platforma orqali xaridor mustaqil ravishda avtomobil modeli, modifikatsiyasi, rangi va hatto dilerlik markazini tanlashi hamda avtomobil uchun to‘liq yoki qisman to‘lovni amalga oshirishi mumkin.