Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bank tizimini isloh etish va banklarning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, hududlar va tadbirkorlikni rivojlantirishda tijorat banklarining rolini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi Prezident matbuot xizmati.

Videoselektorda muammoli kreditlar masalasi muhokama qilindi.Bunday kreditlar jami kreditlarning 1,8 f%idan kam bo‘lsa-da, yil boshiga nisbatan oshgani qayd qilindi. Hududlar kesimida bunday kreditlarining 76%i Toshkent shahriga, 5%i Qashqadaryo, 3%i Buxoro viloyatiga to‘g‘ri keladi.

Davlat rahbari muammoli kreditlarni qaytarish banklarning imkoniyatlarini yanada kengaytirishini, ularni undirish bo‘yicha banklar, qarzdor korxonalar, kompaniya va uyushmalar, hududlar rahbarlari birgalikda ish olib borishi zarurligini ta’kidladi.

Prezident tijorat banklari xalqaro moliya institutlari kredit liniyalarini yanada faol jalb etishi va ularni to‘liq o‘zlashtirishi lozimligini qayd etdi.

Tijorat banklari ustav kapitali asosan davlat ulushi hisobiga oshirilib, xususiy sektor mablag‘lari deyarli yo‘naltirilmagani jiddiy tanqid qilindi.

O‘tgan ikki yil mobaynida davlat tomonidan banklarning kapitaliga qariyb 1 milliard $ miqdorida mablag‘lar ajratilgan. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan davlat ulushiga ega deyarli barcha banklar, jumladan, Qishloq qurilish bank, Sanoatqurilishbank, Asakabank, Agrobank, Mikrokreditbank, Aloqabank va Ipoteka bank ustav kapitalida jismoniy va yuridik shaxslarning aksiyalari ulushi keskin kamaygan.

Shuning uchun banklarning ustav kapitaliga xususiy sektor mablag‘larini faol jalb etish kerakligi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash maqsadida mikrokreditlar hajmini keskin oshirish, ularni ajratish tartibini soddalashtirish zarurligini ta’kidladi.